Prezident qarori bilan Sardor Rajabov Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tayinlovga qadar u Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.
Sardor Baxtiyorovich Rajabov 1988-yilda tug‘ilgan. U Toshkentdagi xalqaro Vestminster universitetining 2008-yilda bakalavriat, 2018-yilda esa magistratura darajasini tamomlagan.
Faoliyati davomida Davlat test markazi boshqarma boshlig‘i, markaz direktori o‘rinbosari, shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining “Ta'lim sifatini baholash, litsenziyalash va akkreditatsiyalash departamenti” rahbari lavozimlarida ishlagan.
Bundan tashqari, prezidentning tegishli qarori bilan Turdiyev Azizbek Anvarjonovich Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. U bunga qadar vazir maslahatchisi vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Mehnat faoliyatini ta’lim sohasida boshlagan Azizbek Turdiyev 2006−2010-yillarda Toshkent shahridagi 4-sonli maktab-internatida, 2010−2014-yillarda Toshkent shahridagi 231-umumta'lim maktabida adabiyot fanidan o‘quvchilarga saboq berdi.
2015−2017-yillarda poytaxtdagi 165-umumta'lim maktabining ma’naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, 2017−2018-yillarda Vazirlar Mahkamasi apparati Madaniyat, san’at va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamenti yetakchi mutaxassisi, 2018−2019-yillarda Oliy Majlis Senatida yetakchi maslahatchi, 2019−2023-yillarda Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi kotibiyati bosh maslahatchisi lavozimlarida mehnat qilgan.
Turdiyev 2023-yildan boshlab MDH davlatlar hamkorligidagi “Hamdo‘stlik bolalar” loyihasi hamda “Yoshlarni tadbirkorlik va sanoatga yo‘naltirish” loyihasi rahbari sifatida faoliyat yuritadi.
Kuni kecha, kasb-hunar va oliy ta’limga mas’ul mutasaddilar ta’limdagi islohotlar mazmunini to‘liq tushunib yetmagani uchun oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining barcha o‘rinbosarlari — birinchi o‘rinbosar Shoxruh Daliyev, o‘rinbosarlar Otabek Mahkamov va Sarvarxon Buzrukxonov ishdan olingandi.
Shuningdek, prezident farmoni va qarori bilan prezident Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktori Adham Xudayqulov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan hamda Oliy ta’lim vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Sharof Rajabbayev lavozimidan ozod etildi.