2025/2026-o‘quv yilida ham magistraturada o‘qiyotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari qoplab beriladi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot kotibi Nazokat Abduqunduzova ma’lum qildi.

O‘zbekistonda davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichiga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan va ta’lim olayotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini qoplab berish belgilangan.

Yangi o‘quv yilida barcha xotin-qizlarning kontrakt mablag‘lari davlat budjeti hisobidan qaytarish shartisiz qoplab beriladi.

Talabgorlardan arizalar 15-sentabrgacha qabul qilinadi. Ular o‘zlari ta’lim olayotgan OTM rektori yoki filial direktori nomiga ariza bilan murojaat qilishlari shart. Belgilangan muddatdan keyin topshirilgan arizalar qabul qilinmaydi.

Arizalar 3 ish kunida ko‘rib chiqiladi va ro‘yxat shakllantiriladi. Umumlashtirilgan ro‘yxat esa 5 ish kunida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga yoki tegishli vazirlik va idoralarga yuboriladi.

Talabgorlarga kontrakt to‘lovi qoplab berilgani haqidagi buyruq joriy yilning 15-oktabriga qadar qabul qilinadi.

Ushbu imtiyoz quyidagilarga tatbiq etilmaydi:

  • arizani belgilangan muddatda taqdim etmaganlar;
  • tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinganlar;
  • nodavlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasida tahsil olayotganlar.

Magistratura mutaxassisliklariga onlayn ro‘yxatdan o‘tish iyul oyi boshida boshlanib, arizalar 30-iyulga qadar qabul qilindi. Undan keyin, mutaxassisliklar va o‘qitish tillari bo‘yicha qabul parametrlari e’lon qilindi.

Kunduzgi ta’lim shakl bo‘yicha jami 20 210 ta kvota belgilangan bo‘lib, shundan 9 922 tasi davlat granti, 10 288 tasi esa to‘lov-kontrakt shakli hisoblanadi. Grant uchun o‘zbek tiliga 8 725 ta, rus tiliga 1 197 ta, kontrakt uchun o‘zbek tili — 8 538 ta, rus tili — 1 750 ta kvota belgilangan.

Shu bilan birga, magistraturaning kechki hamda masofaviy ta’lim shakllari bo‘yicha o‘qishga qabul qilish parametrlarining mutaxassisliklar va o‘qitish tillari bo‘yicha ham taqsimoti tasdiqlandi. Kechki shakl uchun jami 1 319 ta (shundan, o‘zbek tili — 1 107 ta, rus tili — 138 ta, qoraqalpoq tili — 74 ta) vkota ajratilgan.

Masofaviy ta’lim shakli uchun jami 420 ta qabul parametri belgilangan bo‘lib, shundan, 352 tasi o‘zbek tili, 53 tasi rus hamda 15 tasi qoraqalpoq tiliga to‘g‘ri keladi.

Avvalroq O‘zbekistonda Yagona davlat imtihonini joriy etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Tizim natijasida maktablardagi yakuniy, oliy taʼlim muassasalariga kirish hamda fanlar bo‘yicha sertifikat olish imtihoni birlashishi mumkin.