O‘zbekistonda Yagona imtihon tizimini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish orqali amaliyotga joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Gazeta 8-sentabr kuni prezident ishtirokidagi yig‘ilishga tayanib xabar berdi.
Bugungi kunda o‘quvchilar uch marta imtihon topshiradi: maktabni bitiruv imtihoni, oliy taʼlimga kirish imtihoni hamda fanlar bo‘yicha sertifikat olish imtihoni. Ularni birlashtirish orqali Yagona davlat imtihoni topshirishga o‘tish ko‘zda tutilgan.
Ushbu tartib bilan ortiqcha ovoragarchiliklarning oldi olinishi kutilmoqda. Shuningdek, bu o‘quvchilarning vaqti va ota-onalarning moddiy resurslarini tejashga yordam berishi mumkin.
Nashrning qo‘shimcha qilishicha, Rossiyaning Yagona davlat imtihoniga o‘xshash tizimni joriy etish O‘zbekistonda birinchi marta muhokama qilinayotgani yo‘q.
Avvalroq O‘zbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil qilinishi haqida xabar berilgandi.