Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida maktabgacha va maktab ta‘limi sohasidagi islohotlar ijrosi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Taʼkidlanishicha, O‘zbekistonda 450 ming o‘quvchini qabul qila oladigan 598 ta texnikum bor. Bu yoshlar uchun juda katta resurs, sharoit va imkoniyat.
“Lekin bu yil 9-sinfni 608 ming o‘quvchi bitirgan bo‘lsa, ularni atigi 182 ming nafari texnikumlarga boryapti. Bugundan boshlab bir yil yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish yili bo‘ladi”, — dedi prezident.
Mutasaddilar zimmasiga viloyat va tuman hokimlari bilan birgalikda Prezident va ixtisoslashgan maktabda orttirilgan tajriba asosida joriy yilda 598 ta texnikumga xalqaro standart bo‘yicha zamonaviy kasbga o‘qitish muhitini olib kirish vazifasi qo‘yildi.
Umuman, viloyat va tuman hokimlariga kelgusi o‘quv yilida 9-sinf bitiruvchilarining kamida 50% ini, hozirgiga qo‘shimcha yana 200 ming o‘quvchini texnikumga qamrab olish topshirildi.
Bu ishlarni yagona siyosat asosida olib borish uchun Kasbiy taʼlim agentligi tashkil qilinadi.
Spot, avvalroq, “dom"larning birinchi qavatida bog‘cha ochadigan tadbirkorlarga imtiyoz berilishi haqida yozgandi.