Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida maktabgacha va maktab ta‘limi sohasidagi islohotlar ijrosi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Joriy yilda bog‘cha o‘rinlarini qo‘shimcha 182 mingtaga ko‘paytirish rejalashtirilgan. Ularning 82 mingi yangi bog‘chalar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Tumanlar hokimlari qolgan o‘rinlar nima hisobidan yaratilishini o‘ylamayotgani tanqid qilindi. Misol uchun, 118 ta bog‘chadagi 255 ta xona taʼmirga muhtoj bo‘lgani uchun bo‘sh turibdi. Yoki joylarda 8 ta bog‘chani qurish va taʼmirlash 2−3 yildan beri cho‘zilmoqda.

Chimboy, G‘allaorol, Qiziriq, Boysundagi 1 tadan bog‘cha hali taʼmirdan chiqmagan. Dehqonobod, Sariosiyo, Bo‘stonliq, Nurafshonda 1 tadan yangi bog‘cha qurilishi yakunlanmagan.

Viloyat va tumanlar hokimlariga 118 ta bog‘chadagi xonalarni taʼmirlab jihozlashga, yana 8 ta bog‘chani to‘liq ishga tushirishga 1 noyabrgacha muhlat berildi, aks holda tegishli choralar ko‘rilishi haqida ogohlantirildi.

Tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda 80 ta tumanda bog‘cha ochish uchun imtiyozlar eʼlon qilindi. Ushbu mexanizmdan unumli foydalanib, bog‘cha o‘rinlarini ko‘paytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Qashqadaryoning barcha tumanlarida xususiy sektor va chet ellik hamkorlar bilan ikki yil ichida bog‘cha va maktab o‘rni 3 barobar oshgan. Viloyat hokimlariga bu tajribani o‘rganish topshirildi.

Umuman, har bir tumanda bog‘cha qamrovi 80% dan kam bo‘lmasligi shartligi belgilandi. Buning uchun viloyat va tuman hokimlari oldiga bo‘sh yerlarni topib, auksionga chiqarish, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan birgalikda qaysi maktab va bog‘chada bo‘sh joy bo‘lsa, bog‘cha qurish rejasini belgilash vazifasi qo‘yildi.

Mutasaddilarga bo‘sh yerlarda bog‘cha tashkil etish bo‘yicha xususiy sheriklik yoki sarmoya kiritish sharti bilan uch yillik dastur qabul qilish, yangi xususiy bog‘chalarga subsidiya berish, tarbiyachilar maoshini qisman qoplash tartibini joriy qilish topshirildi.

Bir yilda 2 mingta ko‘p qavatli uy qurilmoqda, ularning to‘rtdan biri — “Yangi O‘zbekiston” massivlarida. Bunday massivlarda uylarning birinchi qavatida 100 o‘rinli xususiy bog‘cha ochish bo‘yicha Bektemir va Yangihayot tumanlarida tajriba bor. Buni barcha tuman va shahar hokimlari o‘z hududida qilishi kerakligi taʼkidlandi.

Endilikda 80 ta tuman uchun aytilgan imtiyozlar yangi ko‘p kvartirali uylarning birinchi qavatida bog‘cha ochadigan tadbirkorlarga ham beriladi.

Mutasaddilarga yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylarda bog‘cha tashkil qilish tartibini ishlab chiqish topshirildi.

Bog‘cha qamrovi 70−80% dan past bo‘lgan 80 ta tumanda tadbirkorlarga yengillik berilishi haqida xabar berilgandi. Bu tumanlardagi bog‘cha va maktablarni bo‘sh yerlarida xususiy sheriklik asosida bog‘cha qurishga ruxsat beriladi. Bunda tadbirkorlardan yer uchun ijara haqi 30 yil davomida undirilmaydi, ularga davlat bog‘chasida har bir bolaga ko‘zda tutilgan xarajatning yarmi subsidiya qilib beriladi.

Avvalroq bog‘cha va maktablarning bo‘sh maydonlarida DXSh asosida maktabgacha taʼlim tashkiloti qurilishi haqida xabar berilgandi. 2026−2028-yillarda 14 ta hududda Yangi avlod maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmog‘i tashkil etiladi.