Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida maktabgacha va maktab ta‘limi sohasidagi islohotlar ijrosi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda jalb qilinayotgan investitsiyalarga, yangi ochilayotgan korxonalarga yarasha munosib kadr ham tayyorlanishi lozimligi qayd etildi.

O‘tgan davrda o‘qituvchilarning oyligiga qo‘shimcha 10 dan ziyod ustamalar joriy qilindi.

“Eʼtibor bering, bugun o‘z ustida ishlagan 60 mingdan ortiq o‘qituvchi 10−12 mln so‘m maosh olyapti. Bu qachon bo‘lgan?” — dedi prezident.

Joriy oydan boshlab maktab direktorlari, bog‘cha mudiralari va ularning o‘rinbosarlari oyligi ham 10 mln so‘mdan oshdi. Yangi baholash tizimiga o‘tgan 1,5 ming maktabning 300 tasi ijobiy natija ko‘rsatgani uchun butun jamoasi 40% gacha ustama oladi.

“Men xalqimizga vaqti kelib o‘qituvchilarning maoshini ming dollarga yetkazamiz degan gaplarim mana uch yil ichida haqiqatga aylandi”, — dedi davlat rahbari.

Joriy yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 5 mln 982,3 ming so‘mni tashkil etgandi. Ta’lim sohasida o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi oliy ta’limda qayd etildi — 9,57 mln so‘m. Eng past ko‘rsatkich esa maktabgacha ta’limga to‘g‘ri keladi — 2,2 mln so‘m.

Avvalroq oliy ta’lim vazirining barcha o‘rinbosarlari ishdan olingani haqida xabar berilgandi.