Germaniyaning Volkswagen avtomobil ishlab chiqaruvchisi 2030-yilgacha sun’iy intellektga 1 mlrd yevrogacha ($1,2 mlrd) mablag‘ sarflashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Kompaniya transport vositalarini ishlab chiqarish va innovatsiyalarni jadallashtirish hamda samaradorlikni oshirish uchun sun’iy intellektga e’tibor qaratmoqda.
Volkswagen mablag‘larni sun’iy intellekt qo‘llanilgan avtomobillarni ishlab chiqish, sanoat ilovalarini yaratish va yuqori samarali IT infratuzilmasini kengaytirishga yo‘naltiradi.
Avtomobil ishlab chiqaruvchisi bu tashabbus 2035-yilga kelib 4 mlrd yevrogacha tejash imkonini berishini kutmoqda.
Volkswagen vakillari ta’kidlashicha, sun’iy intellekt yangi avtomobil modellari va texnologiyalarini ishlab chiqish jarayonini sezilarli darajada tezlashtiradi.
“Biz uchun sun’iy intellekt avtomobilni loyihalashdan tortib ishlab chiqarishgacha bo‘lgan qiymat yaratish zanjirida tezlik, sifat va raqobatbardoshlikni oshirishning kalitidir”, — deya ta’kidladi Volkswagen kompaniyasining axborot texnologiyalari bo‘yicha ijrochi direktori Xauke Stars.
Nemis guruhi o‘zining ikki asosiy bozori — Xitoy va Germaniyada chuqur o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda. U yangi modellar ustida ishlashga qaytmoqda, Germaniyada esa keng ko‘lamli xarajatlarni qisqartirish choralari ko‘rilmoqda.
Yakshanba kuni kompaniya ID.CROSS nomli yangi kichik elektr krossoverining konsepsiyasini taqdim etdi. Bu avtomobil ishlab chiqaruvchining akkumulyatorli arzon elektromobillar ishlab chiqarish strategiyasining bir qismi hisoblanadi.
Avvalroq Spot Volkswagen UzAuto bilan hamkorlikda O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarishni boshlashi haqida yozgandi.
Sedanlar va yo‘ltanlamaslarning sakkizta modeli yirik uzelli yig‘ish orqali mahalliy ishlab chiqariladi, butlovchi qismlar esa Xitoydan yetkazib beriladi.