AI-80 avtomobil benzinini ishlab chiqarish va ulgurji sotishning to‘xtatilishi O‘zbekistonda inflyatsiyaning tezlashishiga olib keladi. Bu haqda 11-sentabr kuni Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.
“Albatta, [inflyatsiyaga] ta’siri bor — bu hozirgi inflyatsiya statistikasida allaqachon aks etgan. Proinflyatsion xatarlar bir qator tovarlar, jumladan, benzin bilan bog‘liq. Bu omil o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiya uchun xatar bo‘lib qolmoqda va inflyatsion kutilmalarga ham ta’sir ko‘rsatmoqda”, — dedi Markaziy bank rahbari.
Bugungi majlisda Markaziy bank 2025-yil yakuniga ko‘ra inflyatsiya prognozini yana yomonlashtirib, 8,7% gacha ko‘tardi. May oyida nazorat qiluvchi organ yillik inflyatsiya o‘sish sur’atining 8% gacha sekinlashishini kutgan edi (undan oldinroq esa 7,5−8% gacha pasayishini taxmin qilgandi).
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oyida benzin 3,1% ga, yil davomida esa 11,1% ga qimmatlashgan. AI-80 markali avtomobillar narxining o‘sishi 4,6%ni, AI-91 — 0,3%ni, AI-92 — 2,3%ni, AI-95 — 1,4%ni tashkil etdi.
O‘zbekneftgaz 2-sentabrdan birja savdolarida AI-80 benzinini sotishni to‘xtatdi. Buning evaziga davlat kompaniyasi tovar-xomashyo birjasi orqali AI-92 benzinini sotishni ko‘paytirdi va ichki talabdan kelib chiqib, taklifni yanada oshirishi mumkin.
Qaror fevral oyida tasdiqlangan 2025-yilga mo‘ljallangan davlat dasturiga muvofiq qabul qilingan. Unda prezident 2025-yil oxirigacha AI-80 rusumli avtomobil yoqilg‘isidan foydalanish va uni sotishni cheklash, aholini “sifatli, ekologik toza va arzon yoqilg‘i” bilan ta’minlash uchun “barcha kuch va vositalarni safarbar qilish” bo‘yicha topshiriq bergandi.
Avvalroq Spot Rossiya benzin eksportiga qo‘yilgan to‘liq taqiqni ikki oyga uzaytirgani haqida yozgandi.
Sentabr oyida taqiq barcha eksportchilarga tatbiq etiladi. Oktabrda esa benzin ishlab chiqaruvchilar uchun cheklovlar bekor qilinadi.