“Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida"gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Qonunchilik palatasining 9-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida ushbu qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi. Loyiha bilan shaharsozlik renovatsiyasi asoslari va maqsadlari, majburiy shartlari, asosiy prinsiplari, renovatsiya bosqichlari, bu borada loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish tartibi, sohada davlat boshqaruvi asoslari belgilanmoqda.
Shaharsozlik renovatsiyasi loyihasini boshlash uchun barcha huquq egalari bilan notarial tartibda kelishuv bitimi imzolanishi nazarda tutilyapti. Ya‘ni, hech kim renovatsiyada ishtirok etishga majburlanmaydi hamda renovatsiya ixtiyoriylik prinsipiga asoslanadi.
Loyihada xususiy mulk daxlsiz va davlat himoyasida ekanligi, davlat xususiy mulkning saqlanishini ta‘minlash uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishi, davlat organlari, ularning mansabdor shaxsi yoki xizmatchisi tomonidan huquq egalarining manfaatlarini buzishiga yo‘l qo‘yilmasligi qat‘iy kafolatlanmoqda.
Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirishda esa hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilyapti.
Shuningdek, renovatsiya doirasida huquq egasining davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarda xususiy mulk hamda yer egasining yerga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirishdagi ziddiyatlar va noaniqliklar huquq egasining foydasiga talqin etilishi aks etmoqda.
Bundan tashqari, renovatsiya loyihasi Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashiga kiritish bilan bir vaqtda Shaharsozlik renovatsiyasi elektron platformasi, OAV, rasmiy veb-saytlar va jamoatchilik fikrini aniqlashning boshqa vositalaridan foydalangan holda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishi shartligi belgilab qo‘yilmoqda.
Aprel oyida prezidentga “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida"gi qonun loyihasi taqdim etilib, unda bu kabi dasturlarni 3 bosqichda amalga oshirish rejalashtirilayotgani qayd etildi. Bu renovatsiyaga mos hududni tanlash, qurilish tashkilotini aniqlash hamda uy-joylar qurilishini nazarda tutadi. Tashabbuskorlar mulkdorlarga yangi uy-joy yoki kompensatsiya berishi kerak bo‘ladi.
Dastlabki boshqichda renovatsiya bo‘yicha bir nechta pilot loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Buning uchun fuqarolar va hokimliklar ishtirokida direksiya tashkil etiladi. Adliya vaziri Akbar Toshqulov qonun loyihasi ishlab chiqilgungacha uy-joylarni renovatsiya qilish sohasida “huquqiy bo‘shliq” bo‘lgani, loyihalarni kelishish bo‘yicha aholi, tadbirkorlar va investorlar o‘rtasida ziddiyatlar yuzaga kelganini ta’kidladi.
Iyul oyida Qurilish vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva qonun loyihasi Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan o‘tkazilayotganini ma’lum qildi. Biroq, u fuqarolar bilan uylar narxini kelishishda muammolar bo‘layotganini qayd etdi.
“Ikki qavatli eskirgan uylarda yashovchi aholi o‘z uylarining narxini qimmat baholashmoqda. Investorlar aholi bilan narxlarni kelishishda qiyinchiliklarga duch kelishmoqda”, — dedi Ozoda Jo‘rayeva Spot bilan suhbatda.
Renovatsiya
2024-yilning fevral oyi oxirida Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov poytaxtda 500 gektar hudud rekonstruksiya qilinayotgani, uzoq muddatga mo‘ljallangan ikki qavatli uylar va Sergelida vaqtinchalik uylar joylashganini ma’lum qildi.
Aprel oyida prezidentning ipoteka kreditlash to‘g‘risidagi qarori bilan Adliya vazirligi, Qurilish vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralarga xorijiy tajribani o‘rganib, hukumatga renovatsiya to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini iyulgacha kiritish topshirildi.
Shayxontohur tumani, Olim Xo‘jayev mahallasida boshlangan renovatsiya loyihasi misolida har bir hududda bittadan renovatsiya loyihasi amalga oshiriladi. Bunda hududlarda renovatsiya loyihalari amalga oshiriladigan massivlar tanlanib, manzilli dastur tasdiqlanadi.
Iyul oyida “Renovatsiya to‘g‘risida"gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi. Avgustda poytaxt hokimi Toshkentning oltita tumanida renovatsiya loyihalarini amalga oshirish borasidagi qarorni imzoladi.
“Adolat” va “O‘zLiDep” siyosiy partiyalari ushbu qarorni tanqid qilib, renovatsiya uchun huquqiy asos yo‘qligini ta’kidladi. Parlament a’zolari renovatsiya uchun mavjud turar-joy binolarini buzish zarurligini ta’kidladilar. Undan keyin hokimlik renovatsiya loyihasi faqat aholi roziligi bilan amalga oshirilishini bildirdi.
Oktabr oyida Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi bilan tanishib, unda Toshkent konservatsiya, rekonstruksiya hamda renovatsiya zonalariga ajratilishi ma’lum qilindi.
Joriy yilning fevral oyida qabul qilingan davlat rahbari farmoni bilan 1-martdan renovatsiya asosida ko‘p kvartirali uy-joylarni barpo etishning yangi tartibi joriy etilishi belgilangan. Xususan, renovatsiya loyihasini boshlashga barcha mulkdorlar bilan notarial tasdiqlangan kelishuv bitimi imzolanganidan so‘ng ruxsat beriladi.
Avgust oyi avvalida deputatlar renovatsiya to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokamasini boshlagani haqida xabar berilgandi.
Spot, avvalroq, renovatsiya loyihasi amalga oshirilishi paytida yashovchilarga ijara xarajatlari qoplanishi va yangi turar joyga joylashish uchun ko‘chmas mulk qiymatining 12%i to‘lab berilishi haqida yozgandi.