Joriy yilda O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari 23% ga oshdi. Bu haqda 11-sentabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Regulyatorning matbuot anjumani taqdimotiga ko‘ra, yanvar-avgust oylarida transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi $12,1 mlrdni tashkil etgan.

Avgust oyigacha transfertlar miqdori oyma-oy o‘sib borgan: yanvarda — $1,06 mlrd, fevralda — $1,07 mlrd, martda — $1,21 mlrd, aprelda — $1,43 mlrd, mayda — $1,64 mlrd, iyunda — $1,78 mlrd, iyulda esa — $1,97 mlrd. Avgustda nisbatan past ko‘rsatkich qayd etilgan — $1,86 mlrd.

markaziy bank, pul o‘tkazmalari, migratsiya

Bundan tashqari, sakkiz oyda aholining valyuta sotuvi va xaridi o‘rtasidagi ijobiy tafovut $5,6 mlrdni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobarga oshdi.

Birinchi yarim yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 27%ga oshib, $8,2 mlrdga yetdi. Bunda ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan $1,8 mlrdga ko‘payib, $8,2 mlrdni tashkil qildi.

Mablag‘larning 78%i — $6,4 mlrdi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolgan qismi esa Qozog‘iston, AQSh, Janubiy Koreya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Qirg‘iziston, Litva hamda boshqa mamlakatlardan jo‘natilgan.

Ikkinchi chorakda mehnat migrantlari $4,8 mlrd pul o‘tkazmalari yuborgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21,4% ga ko‘p (2024-yilning ikkinchi choragida — 38,6% ga o‘sish). O‘tgan chorakda Boltiqbo‘yi, Yevropa va boshqa bir qator mintaqalardan pul o‘tkazmalarining o‘sish sur’ati boshqa mamlakatlarga qaraganda yuqori bo‘ldi.

Avvalroq Markaziy bank almashuv kursini shakllantirish siyosatini biroz o‘zgartirib, uning moslashuvchanligini oshirgani haqida xabar berilgandi.