Toshkent shahridagi yo‘l bo‘yi pulli to‘xtash joylari uchun maxsus imtiyozlar yaratiladi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, pulli to‘xtash joylari tashkil etilgan ko‘chalardagi ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholi uchun rezidentlik ruxsatnomalari joriy etilmoqda.
Bunda ruxsatnoma egalari o‘z mahallasi hududidagi to‘xtash joylaridan sutkaning kechki paytidan tonggacha imtiyozli shartlarda foydalanishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, kunduzgi vaqtda ham muayyan chegirmalar berish, bayram va dam olish kunlarida imtiyozlar taqdim etish ko‘zda tutilgan.
Hozir rezidentlik ruxsatnomalarini elektron tartibda olish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali bilan integratsiya ishlari olib borilmoqda. Jarayonlar joriy yil noyabr oyiga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan.
Ishlar yakunlangach, Toshkent shahar hokimining tegishli qarori qabul qilinadi. Unda ruxsatnoma berish tartibi, amal qilish muddati, huquqqa ega bo‘luvchi fuqarolar toifasi hamda taqdim etiladigan imtiyozlar ro‘yxati aniq belgilanadi.
Poytaxt hokimligining qayd etishicha, qaror qabul qilingach, fuqarolar tanishib chiqishlari uchun belgilangan tartibda e’lon qilinadi.
Joriy yilning 8-may kuni Amir Temur xiyoboni, Mirobod, Shahrisabz, Istiqbol va Zarafshon kabi 6 ta sinov ko‘chasida yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlar loyihasi rasman ishga tushirildi. Ikkinchi bosqichda, 30-iyungacha poytaxtning yana 30 ta ko‘chasida pulli avtoturargohlar joriy etilishi, iyul oyi oxirigacha esa 13 208 ta to‘xtash joyiga mo‘ljallangan nuqtalar 86 ta ko‘chada ishga tushishi belgilangandi.
To‘lovlarni amalga oshirish imkonini beruvchi Poytaxt Parking mobil ilovasi ishga tushirildi. O‘zbek, rus va ingliz tillari mavjud bo‘lgan ilovada to‘xtash sessiyasining davomiyligini tanlash mumkin, shundan kelib chiqib narx hisoblanadi. To‘lovni Paynet, Octobank, Click, Payme va Uzum Bank ilovalari orqali amalga oshirish mumkin.
Avvalroq Spot Toshkentning Yangi O‘zbekiston ko‘chasida yerosti avtomobil yo‘li ochilgani haqida yozgan edi.