Dubayda dunyodagi eng baland mehmonxona — Ciel Dubai Marina ochiladi. Bu haqda Arabian Business nashri xabar bermoqda.
377 metr balandlikdagi 82 qavatli Ciel Dubai Marina oldingi rekord egasini ortda qoldirdi. Avvalgi rekordchi ham Dubayda joylashgan bo‘lib, u 75 qavatli, 356 metr balandlikdagi Gevora Hotel edi.
Binoning konsepsiyasini NORR arxitektura byurosi o‘ylab topgan va uni “igna qulog‘i” shaklida bezashni taklif qilgan.
Dubai Marina hududida bino qurilmoqda. Unda jami 1004 ta xona bo‘lib, ularning derazalaridan Palm Jumeirah orollari va Fors ko‘rfazi manzarasi ko‘rinadi.
Mehmonxonaning deluxe xonasi bir kechalik narxi 2400 arab dirhami (taxminan $653), “qirollik premium” xonasi — 2595 arab dirhami ($706), lyuks xonasi esa — 3593 arab dirhamini ($978) tashkil etadi.
Mehmonlar uchun dunyoning turli oshxonalariga ega sakkizta restoran, spa-studiya, trenajyor zali, konferensiya xonalari va bolalar uchun jihozlangan zonalar mavjud bo‘ladi.
76-qavatda “dunyodagi eng baland cheksiz” hovuz, undan pastki qavatda esa shaharning panoramik manzarasiga ega bo‘lgan dam olish maydonchasi joylashadi.
Avvalroq Spot Dubayda dunyodagi eng baland metro bekati qurilishi haqida yozgandi.
Bekat 74 metr balandlikka ega bo‘lib, uning ochilishi esa 2029-yil sentabr oyiga rejalashtirilgan.