Oson to‘lov xizmatini boshqaruvchi Brio Group kompaniyasining egasi o‘zgardi. Bu haqda Korporativ axborot yagona portali ma’lumotlarida keltirilgan. Natijada, kompaniya aksiyalarining 100%i Farhod Mahmudovdan Oson Capital’ga o‘tdi.
Portalga ko‘ra, Maxmudov Farxod Gayratovich affillangan shaxslar ro‘yxatidan chiqarilgan. Uning o‘rniga Oson Capital kompaniyasi ushbu ro‘yxatga qo‘shildi.
KTYDR ma’lumotlariga ko‘ra, Oson Capital kompaniyasi 2020-yil oktabr oyida ro‘yxatdan o‘tgan. Ustav kapitali — 51,84 mlrd so‘m. Kompaniya “yengil avtomobillar va yengil motorli transport vositalari ijarasi va lizingi” bilan shug‘ullanadi. Yagona ta’sischisi etib Maxmudov Farxod Gayratovich, direktori etib Ismatov Abdullo Ubaydullo o‘g‘li ko‘rsatilgan.
Farhod Mahmudov Spot’ga bergan izohida kompaniyaga investorlar kirib kelayotganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, bir yil avval O‘zbekistondagi Oson bosh direktori lavozimidan ketganidan so‘ng, u O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va BAAni qamrab olgan xolding darajasida rivojlanish strategiyasi bilan shug‘ullanmoqda hamda investorlar bilan muzokaralar olib bormoqda.
“Har bir mamlakatning barcha operatsion kompaniyalari xolding egaligiga o‘tadi, ularning egalaridan biri men bo‘laman. Keyinroq investorlar tarkibini e’lon qilamiz”, — dedi tadbirkor.
2024-yil iyul oyida Farhod Mahmudov Spot’ga Oson brendning 15%ini sotib oladigan xorijiy kompaniya bilan muzokaralarning yakuniy bosqichida ekanligini ma’lum qilgandi. Kelajakda to‘lov xizmati IPOga chiqmoqchi.
Avvalroq Spot Markaziy bank huzurida fintex ofisi ochilishi haqida yozgan edi.