O‘zbekistonda 1-iyundan haydovchilar uchun jarima ballari tizimi joriy etilgandan keyingi uch oyda qariyb 70 ming nafar haydovchi jarima ballarini oldi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Bunda 5 ballgacha jarima ball yig‘ganlar 4 nafar, 4 ballgacha yig‘ganlar esa 14 nafarni tashkil qiladi. 129 kishi 3 ballgacha yig‘gan bo‘lsa, qariyb 5 ming nafar shaxs 2 ballgacha ball olgan.
1 ballgacha jarima balli yig‘ganlar 63 974 nafarni tashkil etadi. Yana 9 mln 325 ming nafar haydovchi umuman jarima ball olmagan.
Iyun-avgust oylarida 167 mingta qoidabuzarlik aniqlangan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga (285 mingta qoidabuzarlik) nisbatan 58% ga kamaygan. Bu davrda haydovchilar aybi bilan o‘tgan yilga nisbatan 193 taga yoki 36% ga kam — 338 ta YTH sodir etilan.
Haydovchilar uchun jarima ballari
Joriy yilning fevral oyida prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yo‘l harakati xavfsizligi tizimini yashilash, qoidabuzarliklar uchun jarima ballarini joriy etishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.
Jarima ballari bir yilda 12 balldan oshgan haydovchilar avtomobil boshqarish huquqidan 6 oygacha mahrum qilinadi. Qanday qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisoblanishi haqida batafsil havola orqali tanishish mumkin.
YHXX boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov kelgusida kamera va radarlar orqali yoziladigan jarimalarni ham 12 ballik tizimga qo‘shib hisoblash rejalashtirilganini ma’lum qilgandi.
Mart oyi oxiriga kelib, IIV qoidabuzarliklarni jarima ballari asosida baholash tizimini joriy etishga qaratilgan hukumat qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi. Jarayon 4-aprelgacha davom etdi. Loyihda jarima ballari 1-maydan kuchga kirishi belgilangandi. Biroq, jarima ballarining hisoblanish tartibi qonun loyihasi qabul qilingandan keyin kuchga kirishi ma’lum qilindi.
Joriy yilning may oyida yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballari tasdiqlangandi. Unga ko‘ra, haydovchilar tomonidan sodir etilgan yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun jarima ballarining miqdorlari quyidagicha hisoblanadi:
- nosoz yoxud tegishli ruxsatnomasiz qayta jihozlangan transport vositalarini boshqarish — 0,3;
- foydalanish taqiqlangan, davlat raqami bo‘lmagan avtomobillarni boshqarish — 1;
- belgilanmagan tartibda oynalar tusini o‘zgartirish, ko‘rishni cheklaydigan qo‘shimcha narsalar o‘rnatish (oynalarni qoraytirish uchun tegishli ruxsatnoma berilgan transport vositalari mustasno) — 0,5;
- xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazodan keyin bir yilda takror sodir etilsa — 1;
- sababsiz signal chalish, belgilanmagan tovush chiqaruvchi va yorituvchi qurilmalarni o‘rnatish — 0,2;
- tezlikni soatiga 20 km.gacha oshirish — 0,5;
- tezlikni soatiga 20 km.dan 40 km.gacha oshirish — 1;
- tezlikni soatiga 40 km.dan 60 km.gacha oshirish — 1,5;
- tezlikni soatiga 60 km.dan ortiqqa oshirish — 2;
- svetoforning taqiqlovchi signali yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmaslik — 1;
- Tezkor va maxsus xizmatlarning to‘siqsiz o‘tib ketishiga xalaqit berish — 0,5
- yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqish, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash uchun o‘zga choralarni ko‘rishga majbur qiluvchi huquqbuzarlikni sodir etish — 1;
- to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzish — 0,2;
- odam tashish qoidalarini buzish — 0,3;
- ichki ishlar organlarining hamrohligisiz odam tashish — 0,5;
- quvib o‘tish qoidalarini buzish — 1;
- avariya holatini keltirib chiqaruvchi guruh bo‘lib harakat qilish — 1,5;
- temir yo‘lning o‘tish joylaridan o‘tish qoidalarini buzish — 1;
- YTH qatnashchilarining hodisa joyidan ketib qolishi — 2.
Avvalroq yozda tonirovkaga arzonlashtirilgan narx joriy etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Yengil avtomobillarning orqa va old yon oynalarining tusini o‘zgartirish uchun har yili 1-maydan 31-avgustgacha beriladigan ruxsatnomalar yo‘lga qo‘yilishi aytilgandi.