Tilmoch AI uchta venchur fondidan $150 ming sarmoya jalb qildi. Bu haqda loyiha asoschisi Muhammadsaid Mamasaidov Spot’ga ma’lum qildi.

Xususan, AloqaVentures venchur fondi Tilmoch’ga $60 ming, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil etilgan Yoshlar Ventures $50 ming va IT Park Ventures $40 ming sarmoya kiritdi.

Muhammadsaid Mamasaidov Spot’ga bergan izohida yaqin kelajakda onlayn tarjimon tizimiga barcha qo‘shni mamlakatlar va Ozarbayjon tillari to‘liq kiritilishini ma’lum qildi. “Umid qilamizki, bu mintaqaviy talabga ega bo‘ladi,” — deya qo‘shimcha qildi u.

Tilmoch AI — o‘zbek va boshqa turkiy tillar uchun yaratilgan sun’iy intellekt asosidagi tarjima va til texnologiyalari platformasi. Startap 7 tilda neyron tarjima, imlo va grammatika tekshiruvi xizmatlarini taqdim etadi. Hozir 130 mingdan ortiq oylik (MAU), 16 ming nafar kunlik foydalanuvchi (DAU) bor. Shuningdek, 50 dan ortiq korxona platformadan foydalanadi.

Tilmoch AI 2022-yilda mGovAward tanlovida $50 ming, 2023-yilda esa President Tech Award’da $100 ming qo‘lga kiritdi. 2024-yil iyun oyida Tahrirchi startapi Tilmoch sun’iy intellektga asoslangan o‘zbek va qoraqalpoq tillari uchun onlayn tarjimonni taqdim etdi.

Spot loyiha asoschisi Muhammadsaid Mamasaidov bilan startap g‘oyasi qanday paydo bo‘lgani, dasturchilar duch kelgan qiyinchiliklar va loyiha kelajagi haqida suhbatlashgandi.

May oyida Tilmoch startapi Qozog‘iston bozoriga kirishi va qozoq tiliga mashina tarjimasini ishga tushirayotgani ma’lum bo‘ldi. Yangi bozor uchun oyiga $4 lik pulli obuna mavjud bo‘ladi. 2025-yil oxiriga qadar onlayn tarjimonga Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlarining barcha asosiy tillarini integratsiya qilish rejalashtirilgan.

Avvalroq Astana Hub va IT Park Uzbekistan Market Entry akseleratorini ishga tushirayotgani haqida xabar berilgandi. U orqali o‘zbekistonlik startaplar Qozog‘iston bozoriga kirishda yordam oladi. Arizalar 20-sentabrgacha qabul qilinadi.