Avvalroq senator telefonni UzIMEIda ro‘yxatdan o‘tkazishdagi muammolar bo‘yicha vazirga so‘rov yuborgani haqida xabar berilgandi. Kobul Tursunov raqamli texnologiyalar vazirini ikkita SIM-karta o‘rnatilgan qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish hamda byurokratik talablarini yumshatishga chaqirgandi.
Mazkur so‘rov bo‘yicha raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov javob berdi. Bu haqda Oliy Majlis Senati matbuot xizmati ma’lum qildi.
Taʼkidlanishicha, mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatga olish tizimi Buyuk Britaniya, BAA, Xitoy, Turkiya, Singapur, Hindiston, Indoneziya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston kabi 50 dan ortiq davlatlarda ham joriy etilgan.
Vazir javobida mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatga olish bo‘yicha jismoniy shaxslarga yaratilgan qulaylik hamda imkoniyatlar mavjudligi aytilgan. Shu bilan birga, quyidagi ro‘yxatga oluvchilar orqali IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish mumkinligi ta’kidlanadi:
- tizim operatorining xizmat ko‘rsatish markazlari;
- mobil aloqa kompaniyalari (Ucell, Mobiuz, Uzmobile);
- O‘zbekiston pochtasining barcha shahar va tumanlaridagi pochta aloqa bo‘limlari;
- Modern Capital Industries, Lan Systems Techno, Millenium Networks, Abdurasul mobile phone, The Infinity Service Pro hamda Sajda Service Aloqa kabi korxonalari.
Qo‘shimcha qilinishicha, Toshkent xalqaro aeroporti, mamlakat hududiga kirib kelishdagi bojxona postlari hamda barcha shahar va tumanlarda mazkur tizim ro‘yxatga oluvchilarining jami 300 dan ortiq xizmat ko‘rsatish punktlari tashkil etilgan.
Vazir tizim natijasida mobil aloqa vositalari o‘g‘irlanishi va yo‘qolishi bilan bog‘liq jinoyatlar kamaytirilayotganini, kontrafakt qurilmalar savdosiga chek qo‘yishga zamin yaratilayotganini qayd etgan.
O‘zbekistonga rasmiy olib kirilayotgan mobil aloqa qurilmalari soni 2019-yilda 575,8 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilda 6,2 baravarga oshdi — 3,57 mln. Ro‘yxatdan o‘tkazilgan mobil qurilmalarning IMEI-kodlari soni esa 2019-yilda — 1,6 mingta, 2024-yilda 8,4 mingtaga yetkazilgan.
IIV bilan hamkorlikda o‘g‘irlangan, yo‘qotilgan va jinoiy faoliyat bilan bog‘liq jami 86,5 mingta mobil qurilmaning 20,3 mingtasi tizimda “qora ro‘yxat"ga kiritilgan. Yana 18,8 mingtasi ushbu ro‘yxatdan chiqarilib, 47,4 mingtasi monitoringga qo‘yilgan.
Javobda senator so‘rovida ko‘tarilgan masalalarni ko‘rib chiqish natijalari ham keltirilgan. Unga ko‘ra, jismoniy shaxslar tomonidan deklaratsiya to‘ldirmagan holda mobil qurilmalarni olib kirishda qo‘shimcha to‘lovlar IMEI-kodlarini ro‘yxatga olish uchun to‘lov hisobiga emas, balki qo‘shimcha bojxona to‘lovlari undirilishi hisobiga vujudga kelayotgani qayd etilgan.
Uzimei.uz, my.gov.uz saytlari hamda Birda mobil ilovasi orqali mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazishda vujudga keladigan texnik muammolar tezkorlik bilan bartaraf etilgan holda ularning barqaror ishlashi uchun barcha zarur choralar ko‘rib kelinmoqda.
Shu bilan birga, mobil qurilmani ro‘yxatdan o‘tkazishdagi mavjud byurokratik talablarni yumshatish yuzasidan zarur choralar ko‘rilgan.
IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish
Hukumatning 2024-yil 28-yanvardan kuchga kirgan 2019-yil 17-sentabrdagi qaroriga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, jismoniy shaxslar tomonidan telefonlarni olib kirishda bojxona to‘lovlari undirilmaydigan tovarlarni olib kirishning cheklangan me’yorlaridan qat’i nazar deklaratsiya to‘ldiriladi.
Fuqarolar va xorijliklar har bir chegarani kesib o‘tishda havo bandargohlari orqali ikkita uyali telefonni bojsiz olib kirishlari mumkin. Shu bilan birga, ularning umumiy qiymati $2000 dan oshmasligi kerak (poyezdda — $1000, avtomobilda $300 gacha). Agar qurilmalarning narxi belgilangan miqdordan oshib ketsa, u holda limitdan ortiqcha summaga 30% miqdorida boj undiriladi.
Noyabr oyi boshida Bojxona qo‘mitasi IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda deklaratsiyalanmagan qurilmalarni aniqlash uchun UzIMEI tizimini integratsiya qilish yakunlangani haqida xabar bergandi. Vazirlik telefonlarni olib kirishda IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda talab qilinadigan deklaratsiyani to‘ldirishga va bepul olib kirish miqdoridan oshib ketgan qurilmalarni yashirmaslikka chaqirdi.
“Agar UzIMEI tizimida olib kirilgan telefonning bojxona deklaratsiyasi haqida ma’lumot bo‘lmasa, qurilma qiymatining 30%u miqdorida bojxona to‘lovini to‘lashga to‘g‘ri keladi, shundan so‘ng qurilma ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Ungacha telefondan foydalanib bo‘lmaydi”, — deyiladi qo‘mita xabarida.
Bundan tashqari, vazirlik telefonlarni bozorlar, savdo nuqtalari yoki onlayn do‘konlardan sotib olayotganda UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tganligini tekshirishni tavsiya qildi. Agar qurilma ro‘yxatdan o‘tkazilmagan bo‘lsa, xaridorlar bojxona to‘lovlarini mustaqil ravishda to‘lashga majbur bo‘ladilar. Savollar yuzaga kelganda 1108 raqamiga murojaat qilish mumkin.
Shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligi Spot so‘roviga javoban fuqarolar telefonlarni olib kirishda bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish uchun qizil yo‘lakdan o‘tishlari kerakligini tushuntirdi. Agar qurilma deklaratsiya qilinmasa, uni UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazib bo‘lmaydi. U holda bojxona organlariga murojaat qilib, boj to‘lovlarini amalga oshirish lozim.
Avvalroq O‘zbekistonda pullik davlat xizmatlari bank va to‘lov ilovalariga integratsiya qilinishi haqida xabar berilgandi. Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov IT-xizmatlar eksporti 2025-yilda rejalashtirilgan muddatdan uch yil oldin $1 mlrddan oshishi kutilayotganini qayd etdi.