Rossiya Markaziy banki boshqaruvi 12-sentabr kuni asosiy stavkani yana 1 foiz bandga — yillik 17% gacha pasaytirishga qaror qildi. Bu haqda regulyator saytida xabar berildi.

Iyul-avgust oylarida joriy inflyatsiya mavsumiylik bilan birga 6,3%ni yoki ikkinchi chorakka nisbatan qariyb 2%ni tashkil etdi. Narxlar dinamikasiga, bir tomondan, kommunal tariflarning oshishi va benzin narxining ko‘tarilishi, ikkinchi tomondan, meva va sabzavotlarning arzonlashishi ta’sir ko‘rsatdi.

Asosiy inflyatsiya 4,1% gacha pasaydi (aprel-iyundagi 4,4% ga nisbatan). Sentyabr oyi boshiga kelib, yillik inflyatsiya 8,2%ni tashkil etdi — bu bir yarim oy avvalgi ko‘rsatkichdan 1% kamdir. Iqtisodchilar yil yakuniga qadar inflyatsiya darajasi 6−7% gacha pasayishini kutmoqdalar.

Markaziy bank Rossiya iqtisodiyotining “muvozanatli o‘sish yo‘liga” o‘tishi davom etayotganini ta’kidlamoqda. Sekinlashish jarayoni bir tekis kechmayapti — ayniqsa “tashqi bozorga yo‘naltirilgan” sohalarda faollik keskin pasaymoqda.

Ichki talab aholi daromadlarining ko‘payishi va budjet xarajatlarining ortishi hisobiga qo‘llab-quvvatlanmoqda, bunda iste’mol faolligining o‘sishi biroz tezlashgan.

Ish haqi o‘sish sur’ati biroz sekinlashgan bo‘lsa-da, mehnat unumdorligidan yuqoriligicha qolmoqda. Ishsizlik minimal darajada saqlanib, mehnat bozorida taranglikni yuzaga keltirmoqda.

Moliya bozorining ko‘plab segmentlarida kredit va omonat stavkalari pasaymoqda. Kredit faolligi, ayniqsa korporativ sohada, yana o‘sdi. Shu bilan birga, jamg‘arishga bo‘lgan intilish ham saqlanib qolmoqda.

Rossiya banki ta’kidlashicha, inflyatsiyani oshiruvchi xavf-xatarlar hamon inflyatsiyani pasaytiruvchi omillardan ustun kelmoqda. Iqtisodiyotning haddan ziyod qizib ketishidan tashqari, tashqi savdo sharoitlarining yomonlashishi, jahon iqtisodiyotining sekinlashishi va geosiyosiy keskinlik fonida neft narxlarining pasayishi haqida so‘z bormoqda.

12-sentabrda bo‘lib o‘tgan majlis ketma-ket uchinchi yig‘ilish bo‘lib, uning yakunlariga ko‘ra Rossiya Markaziy banki pul-kredit siyosatini yumshatdi. Iyun oyida tartibga soluvchi organ asosiy stavkani 1% ga, iyul oyida esa bir yo‘la 2% ga tushirdi.


Avvalroq Spot O‘zbekiston Markaziy banki 11-sentabrdagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14% darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qilgani haqida yozgandi.