AQSh Federal Savdo Komissiyasi (FTC) Amazon va Google o‘z saytlaridagi reklama shartlari va narxlari bo‘yicha reklama beruvchilarni chalg‘itganmi yoki yo‘qligini tekshirmoqda. Bu haqda Bloomberg yozmoqda.
Tekshiruv FTCning iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘limi tomonidan amalga oshirilmoqda va bu Google hamda Amazon ustidan tartibga soluvchi organlar tomonidan olib borilayotgan doimiy nazoratning bir qismidir.
AQSh Adliya vazirligining Google’ga qarshi ikki ishini ko‘rib chiqayotgan sudyalar allaqachon kompaniyaning onlayn qidiruv va ayrim qidiruv reklamalari, shuningdek, internetda reklamalarni sotib olish va sotish uchun qo‘llaniladigan texnologiyalar bo‘yicha noqonuniy monopoliyaga ega ekanligini aniqlagan.
Google qidiruv reklamalarini foydalanuvchi so‘rov kiritganidan so‘ng bir soniyadan ham kam vaqt ichida o‘tkaziladigan avtomatlashtirilgan kim oshdi savdolari orqali sotadi. Amazon ham real vaqt rejimida “homiylik e’lonlari” yoki “homiylar reklamasi” deb ataladigan e’lonlarni joylashtirish uchun kim oshdi savdolarini o‘tkazadi. Foydalanuvchilar bu e’lonlarni ma’lum mahsulotlarni qidirganda ko‘radilar.
FTC Amazon auksionlari haqida batafsil ma’lumot so‘ramoqda va kompaniya ayrim e’lonlar uchun “zaxira narxlar"ni oshkor etgan-etmaganini tekshirmoqda. Bu narxlar reklama beruvchilar reklama sotib olishdan avval rioya qilishlari shart bo‘lgan eng past narxlardir.
Shuningdek, FTC alohida Google faoliyatini o‘rganmoqda, jumladan, uning ichki narxlash jarayonini va reklama beruvchilarga ma’lum qilinmagan usullar bilan reklama narxlarini oshirgan-oshirmaganini aniqlamoqda.
Avvalroq Spot AQSh sudi Googlega Chrome va Android’ni saqlab qolishga ruxsat bergani haqida yozgandi.
Biroq sud kompaniyaga qidiruv ma’lumotlarini raqobatchilar bilan baham ko‘rish majburiyatini yukladi.