Avvalroq Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida soha xodimlari bilan muloqot o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.

Prezident pedagoglarni yana-da qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tashabbuslarni ilgari surdi.

Jumladan, yangi yildan boshlab kamida 15 yil stajga ega bo‘lgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25% i qoplab beriladi.

Shuningdek, kelgusi o‘quv yilida davlat oliygohlariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining kontrakt summasiga 30% chegirma beriladi.

Shu bilan birga, o‘qituvchilar yangi taʼlim texnologiyalarini keng qo‘llashi uchun kompyuter xaridiga 10 mln so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi.

Bundan tashqari, kelasi yildan pedagoglar uchun davlat xizmatlari to‘lovi 2 karra kamaytiriladi.

Fan o‘qituvchilari kabi boshlang‘ich taʼlim o‘qituvchilari uchun ham milliy sertifikat berish tizimi joriy qilinadi. Sertifikat olganlarga har oyda 15% ustama to‘lanadi.

Bakalavr bosqichini imtiyozli diplom bilan bitirib, maktabga ishga kirganlarga avtomatik ravishda 2-malaka toifasi, magistrlarga esa 1-malaka toifasi beriladi.

Dunyodagi TOP-300 talik oliygohlarga o‘qishga kirgan pedagoglarga 20 ming dollargacha imtiyozli taʼlim krediti ajratiladi.

Reytingda 100 talikka kirgan maktab va bog‘cha, 20 talikdagi texnikum, TOP-10 ta oliygoh pedagoglariga yiliga bir marta O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish uchun samolyot va poyezdlar chipta narxlariga 15−20% chegirma beriladi.

Avvalroq “dom"larning birinchi qavatida bog‘cha ochadigan tadbirkorlarga imtiyoz berilishi haqida xabar berilgandi.