Tadbirkorga asossiz hisoblangan 68 mln so‘mga yaqin penya bekor qilindi, deb xabar berdi Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati.
Navoiy viloyatidagi mehmonxona Hududgaz Navoiy gaz taʼminoti filiali tomonidan hisoblangan penya summasi asossizligi bo‘yicha qo‘mitaga murojaat qilgan.
O‘rganish natijasida asossiz hisoblangan 68 mln so‘mga yaqin penya Hududgazta‘minot‘ning maxsus elektron dasturida qayta ko‘rilib, hisobdan chiqarildi.
“Raqobat qo‘mitasi kelgusida ham tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilish, shaffof va adolatli bozor muhitini shakllantirish borasida o‘z faoliyatini izchil davom ettiradi”, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Toshkent viloyatida bank tadbirkor hisobidan 115 mln so‘m noto‘g‘ri yechib olgani haqida xabar berilgandi. Biznes ombudsman aralashuvi natijasida bank tadbirkor hisobidan noqonuniy yechib olgan mablag‘ni qaytargan edi.
Spot, avvalroq, Raqobat qo‘mitasi Uzum Market‘ga Oila Tanlovi yog‘i xaridorlariga 1,6 mlrd so‘mni qaytarishni topshirgani haqida yozgandi.