Uzbekistan Airports kompaniyasi va Gonkong xalqaro aeroporti hamkorlik memorandumini imzoladi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.

Memorandum 11-sentabr kuni Gonkongda bo‘lib o‘tgan “Bir kamar, bir yo‘l” sammiti doirasida imzolandi. Bitim O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida havo qatnovini ochish, shuningdek, aeroport sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

Hujjatda Gonkong Xalqaro Aviatsiya Akademiyasi dasturlari orqali boshqaruv tajribasini almashish, operatsion samaradorlik va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, kadrlar tayyorlash va o‘qitish hamda aviatsiya sanoatini barqaror rivojlantirish sohasida qo‘shma tashabbuslar ko‘zda tutilgan.

Uzbekistan Airports boshqaruv raisining operatsion faoliyat bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Salohiddin Nasirov ushbu memorandumning imzolanishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni rivojlantirish va aviatsiya sohasida hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishini aytdi.

Gonkong xalqaro aeroporti bosh direktori Vivian Chang shartnoma yangi yo‘nalishlarni ochishi, Gonkong va O‘zbekistonni bog‘lovchi reyslar soni oshirilishini taʼkidladi.

“Biz aviatsiya sohasi mutaxassislarini tayyorlashga alohida e‘tibor qaratmoqdamiz. 2017-yildan beri HKIAA 380 mingdan ortiq ishtirokchilar, jumladan, „Bir kamar, bir yo‘l“ tashabbusi mamlakatlari vakillari uchun keng ko‘lamli dasturlarni amalga oshirdi”, — deydi u.

Maʼlumot uchun, bugungi kunda Gonkong xalqaro aeroporti dunyo bo‘ylab 200 dan ortiq yo‘nalishlarga xizmat ko‘rsatadi. Mazkur aeroportga 140 ga yaqin aviakompaniyalar reyslarni amalga oshiradi.

Avgust oyida O‘zbekiston va Gonkong to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘lovchi va yuk tashish reyslarini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu jarayonda Hong Kong Airlines xususiy aviakompaniyasi ustuvor hamkor-operator sifatida taklif etildi.

Avvalroq O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida aviaqatnovlar soni 130 tagacha oshirilishi haqida xabar berilgandi.