Janubiy Koreya kompaniyasi Yangi Toshkent shahri qurilishi loyihasida ishtirok etishi mumkin. Bu haqda investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

12-sentabr kuni vazir Laziz Kudratov Korea District Heating Corporation (KDHC) boshqaruv raisi Chon Yon Gi boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashdi. Unda uchta hamkorlik yo‘nalishi ko‘rib chiqildi.

Xususan, Zarafshon shahrida issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish hamda Jizzax viloyatida bioenergetika majmuasini qurish loyihalari muhokama qilindi. Yana bir loyiha Yangi Toshkent qurilishi doirasida zamonaviy yechimlarni joriy etish loyihasi bo‘ldi.

Vazirlikning qayd etishicha, uchrashuvda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari va barcha tomonlar uchun maqbul moliyalashtirish modellari ko‘rib chiqilgan.

Tomonlar hamkorlikni rivojlantirishga o‘zaro tayyorligini bildirib, loyihalarni batafsil ishlab chiqishni davom ettirishga kelishib oldilar. Loyihalar O‘zbekistonda yangi issiqlik ta’minoti tizimini yaratishi hamda energiya samaradorligini oshirishi kutilmoqda.

1985-yilda tashkil etilgan KDHC Koreyada markazlashgan issiqlik ta’minoti, kogeneratsiya, sovutish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish sohasida eng yirik davlat kompaniyasi hisoblanadi. Bugungi kunda korporatsiya ikki milliondan ortiq xonadon va tashkilotlarni energiya bilan ta’minlab, keng ishlab chiqarish hamda hududiy tarmoqqa ega.

Avvalroq Yangi Toshkentda 13 ta tijoriy lot bo‘yicha investorlar bilan $554 mlnlik kelishuvlar imzolangani haqida xabar berilgandi. Hozirda 10 dan ortiq vazirlik va idoralar yangi shaharda ish boshlagan. Hududga 60 dan ortiq davlat idoralari uchun ma’muriy binolar barpo etiladi.