Avvalroq Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida soha xodimlari bilan muloqot o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.

Taʼkidlanishicha, oxirgi 8 yilda taʼlim va ilm-fanga xarajatlar 6 karra oshirilib, 378 trln so‘m mablag‘ ajratildi. Oltin-valyuta zaxiralari O‘zbekiston tarixida ilk bor $50 mlrdlik marradan oshdi.

2017-yilda 4 mingdan ortiq mahallada birorta ham bog‘cha yo‘q edi, qamrov 27% dan oshmasdi. Bugungi kunda bog‘chalar soni 38 mingdan, qamrovi esa 78% dan oshdi.

Yaqinda taʼlim sohasida eʼlon qilingan yangi imtiyoz va imkoniyatlar hisobiga bog‘cha kirib bormagan birorta mahalla qolmasligi, qamrov ham 80% dan kam bo‘lmasligi taʼkidlandi.

Bog‘chada tarbiyachilar maoshi maktab o‘qituvchilariga tenglashtirildi. Shu oydan bog‘cha mudiralari ham maktab direktori o‘rinbosari bilan bir xil oylik oladigan bo‘ldi. Bog‘chadagi rahbar va pedagoglar oyligi qariyb 2 karra oshdi.

Endilikda xususiy bog‘chalardagi tarbiyachilar oyligi va bola xarajatining bir qismi ham byudjetdan qoplab beriladigan tizim joriy etiladi.

Prezident bog‘cha tarbiyachilari uchun muhim yangilikni aytdi. Hozirda 7 mingdan ortiq davlat bog‘chalarida 120 mingga yaqin pedagoglar bo‘lgani bilan ularning atigi 34%i oliy maʼlumotga ega. Lekin hozirda tarbiyachilarning maktab o‘qituvchilari kabi toifa olishi uchun oliygoh diplomi talab etiladi.

Shu sababli oliy maʼlumotli bilan o‘rta maʼlumotli tarbiyachining oyligida farq bor. Shu bois, davlat va xususiy bog‘cha tarbiyachilarini ishdan ajralmagan holda oliygohlarda o‘qitish yo‘lga qo‘yilib, yiliga 10 ming tarbiyachi oliy maʼlumotli qilinadi.

Yangi o‘quv yilidan pedagogika oliygohlarida 1+5 bakalavr ta’lim shakli yo‘lga qo‘yiladi. Bunda tarbiyachilar 1 kun o‘qish va 5 kun ish tamoyilida tahsil oladi.

Shuningdek, xuddi Prezident maktablari kabi har bir viloyatda “Yangi avlod” bog‘chalari tashkil qilinib, ularda tarbiyachilar ilg‘or pedagogik texnologiyalarni o‘rganadi.

Avvalroq O‘zbekistondagi maktablarda yagona davlat imtihonlari joriy etilishi haqida xabar berilgan edi.