Prezidentning 12-sentabrdagi farmoni bilan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda mahsulot yetishtirishning uzluksizligini ta’minlash va yerdan foydalanishning samaradorligini oshirish tartibi belgilandi.

Hujjat bilan qishloq xo‘jaligi yerlari ijarachilariga o‘ziga ijaraga berilgan yer uchastkalarining bir qismiga nisbatan ijara shartnomasi bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini boshqa shaxsga o‘tkazish hamda qayta ijaraga berish huquqi berilmoqda.

Bunda ijarachining o‘zida qoladigan va qayta ijaraga oluvchiga o‘tkaziladigan yer uchastkalarining maydoni Yer kodeksining 461-moddasida belgilangan o‘lchamlardan kam bo‘lmasligi kerak.

Ularni qisman qayta ijaraga berish ijarachi va qayta ijaraga oluvchi o‘rtasida taqsimlash qishloq xo‘jaligi xaritasidagi konturlar yaxlitligi va amaldagi sug‘orish tizimini saqlab qolgan holda alohida turgan konturlarni qayta taqsimlash orqali amalga oshiriladi. Taraflar yerni bo‘lish va uning yangi chegaralarini belgilash bo‘yicha davlat xizmatidan foydalanadi.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan barcha turdagi yerlarga nisbatan ijara huquqidan boshqa har qanday shakldagi huquq tan olinmaydi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaydi.

Bu davlat organlari, muassasalari va korxonalarining ijara huquqidan boshqa turdagi huquq bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan hamda yer fondining boshqa toifalari tarkibidagi qishloq xo‘jaligi yerlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Shu bilan birga, 2021-yil 1-avgustga qadar yakka tartibda uy-joy qurish huquqi bilan dehqon xo‘jaligi va tomorqa xo‘jaligini yuritish uchun hamda bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlariga ajratilgan yerlarga ushbu tartib amal qilmaydi.

Qishloq xo‘jaligi yerlari egalari hamda foydalanuvchilariga o‘zining yer uchastkalariga bo‘lgan egalik qilish va foydalanish huquqlarini 2027-yilgacha ijara huquqiga o‘zgartirish imkoniyati beriladi. Bu xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari qarori bilan belgilanadi.

Bunda ijara muddati ijara shartnomasi tuzilgan sanadan boshlab quyidagicha belgilanadi:

  • O‘zbekiston fuqarolari va ular muassisligidagi yuridik shaxslar uchun — 30 yil;
  • chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar uchun — 25 yil.

O‘tgan hafta boshida Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligida yer resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgandi. Unda 2027-yilgacha qishloq xo‘jaligidagi yerlar ijara huquqiga o‘tkazilishi ma’lum qilindi. Bunday yerlarga muzlatkichli omborxonalar, saralash, qadoqlash joylari, suv tejovchi texnologiyalar, dala shiyponi hamda texnika parki qurishga ruxsat beriladi.

Avvalroq O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish 2026-yil boshida o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi. Birinchi bosqich internet orqali onlayn tarzda, keyingi bosqich esa uyma-uy yurib o‘tkaziladi. Bu usul 1,3 trln so‘m mablag‘ni tejash imkonini beradi.