Toshkent shahri bilan Toshkent viloyati o‘rtasida yangi avtobus yo‘nalishi ishga tushirildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlik davlat rahbari topshirig‘ining ijrosi doirasida viloyatning barcha hududlarini poytaxt bilan bog‘lash bo‘yicha amaliy ishlar davom etayotganini qayd etdi.
Shundan kelib chiqib, 16-sentabrdan Toshkent viloyati, Iftixor mahallasi bekati — Chorsu metrosi ASHB yo‘nalishida harakatlanuvchi 177-sonli avtobus yo‘nalishi yo‘lga qo‘yildi.
Yo‘nalishda 8 ta 9,5 metrli, o‘rta sig‘imli King Long XMQ 6900EGW avtobuslari qatnaydi. Ularning harakat vaqti ertalab soat 05:30 dan kechki 23:17 gacha.
Joriy yilning iyul oyida Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda 1-sentabrdan poytaxt va Toshkent viloyati jamoat transporti uchun yang tizim joriy etilishi ma’lum qilingandi.
Toshkent shahri jamoat transporti yagona aglomeratsiya tizimiga o‘tib, Toshkent viloyatining tutash hududlarini qamrab oladi. Buning uchun, Toshkent halqa yo‘ligacha kelayotgan 20 ta avtobus yo‘nalishi 15−20 kmga uzaytiriladi hamda yangi 6 ta marshrut qo‘shiladi. Prezident ushbu tizimni 2026-yildan yirik shaharlarda ham yo‘lga qo‘yishni topshirdi.
12-sentabr kuni iqtisodchi Otabek Bakirov o‘zining Telegram-kanalida aglomeratsiya tizimi haligacha ishga tushmaganini tanqid qilgandi.
“Bugun 12-sentabr va hozircha halqa yo‘ligacha keladigan bironta avtobus marshruti tutash hududlarga cho‘zilganini ko‘rganimiz yo‘q. O‘quv yili boshlanishi bilan Qibray, Toshkent, Zangiota tumanlarining poytaxt biqinidagi hududlaridan o‘n minglab avtomobillar ertalab poytaxtga, kechki payt ortga qatnashda, shahar ko‘chalaridagi tirbandlikni oshirishda davom etmoqda”, deb yozdi u.
Undan keyin Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infraztuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi hozirda texnik va tashkiliy masalalar, harakat xavfsizligi hamda infratuzilmani ta’minlash ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi. Yagona transport tizimini shakllantirish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Avvalroq Toshkent viloyatining barcha hududlari poytaxt bilan tezkor elektr poyezdlar orqali bog‘lanishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Toshkent shahridagi ekologiyaga zarar keltirayotgan korxonalar ko‘chiriladi.