Joriy yilning avgust oyida O‘zbekistondagi avtomobil bozorida qisqarish qayd etildi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida keltirilgan (Spot'da mavjud).
Unga ko‘ra, o‘tgan oyda yengil avtomobillar savdosi 90 ming donani tashkil etib, iyul oyiga nisbatan 9,5% kamayish kuzatildi.
Eng katta pasayish Toshkent, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlariga to‘g‘ri keladi. Qoraqalpog‘iston, Sirdaryo va Andijonda avtomobil savdosi o‘sish sur’atlari qayd etildi.
Avgust oyida yangi yengil avtomobillar segmentida faoliyatning biroz kamayishi kuzatildi — sotuvlar 2% ga pasayib, 37,6 ming dona avtomobilni tashkil etdi.
Segment doirasida mahalliy ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar ustuvor o‘rinni saqlab qoldi — ularning sotuv hajmi 32,6 ming donani tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 0,8% ga kamaydi.
Xorijda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillarning sotuvi 4,9 ming donani tashkil etdi, bu esa iyul oyi ko‘rsatkichidan 9,4% kamdir.
Bundan tashqari, avgust oyida ikkillamchi bozorda yengil avtomobillar savdosi 52,7 ming donani (-14,3%) tashkil etdi.
Ikkillamchi bozorda 2,7 mingta elektromobil sotildi, bu iyul oyi ko‘rsatkichidan atigi 0,6% yuqori. Shu bilan birga, yillik hisobda o‘sish 4,6 barobar qayd etildi.
Avvalroq Spot UzAuto Motors 8 ta yangi model chiqarishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi. Kompaniya bosh direktori Yanosh Kovach hozirda ushbu modellar ishlab chiqilayotganini hamda yaqin orada taqdim etilishini ma’lum qildi.