UzAuto Motors sakkizta yangi avtomobil modelini taqdim etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Sherzodxon Qudratxo‘ja bilan…” ko‘rsatuvida kompaniya bosh direktori Yanosh Kovach ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, avtomobil ishlab chiqaruvchisi modellar qatorini kengaytirmoqda, ayniqsa SUV — keng imkoniyatli avtomobillar segmentida yangi modellarni taqdim etish ko‘zda tutilgan.

“Hozirda 8 ta yangi model ishlab chiqilmoqda va ular tez orada bozorga namoyish etiladi”, — dedi Yanosh Kovach.

UzAuto Motors bosh direktorining savdo va avtoservis bo‘yicha o‘rinbosari Vadim Artamonov kompaniya Chevrolet Cobalt flagman modelini yangilayotganini ma’lum qildi. Unga yangi opsiyalarni qo‘shish va tez orada xaridorlarga taqdim etish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, u avtomobil ishlab chiqaruvchisi Xorazm viloyatidagi Damas zavodi negizida 2026-yilda yirik uzelli yig‘ish yo‘lga qo‘yiladigan kichik tijorat modeli ustida ish olib borilayotganini ta’kidladi.

“Ushbu modelni ham ishlab chiqarib, bozorga taqdim etish niyatidamiz. Bu borada tez orada ko‘plab yangiliklar bo‘ladi”, — dedi Artamonov.

2024-yilning oktabrida UzAuto Motors Chevrolet Cobalt’ning Midnight komplektatsiyasida ishlab chiqarishni boshladi. Avtomobil narxi 155 231 000 so‘mni yoki mavjud variantlardan 7,3 mln so‘mga qimmatroqni tashkil etadi.

Joriy yilning avgust oyida kompaniya O‘zbekistonda yangi Chevrolet Tahoe 2025 High Country avtomobilini taqdim etdi. Narxi 1,46 mlrd so‘mdan yuqori bo‘lgan avtomobillar savdosi 11-sentabrdan boshlanadi.

Shuningdek, Chevrolet Cobalt avtomobilining yangilangan versiyasini taqdim etishni rejalashtirmoqda. Avtomobilda yangi asboblar paneli, multimedia tizimi, kruiz-kontrol va old o‘rindiqlar isitgichi mavjud bo‘ladi.

Avvalroq kelasi yildan “chiroyli” avtoraqamlarni auksion orqali sotish bekor qilinishi haqida xabar berilgandi. Buning o‘rniga, istalgan harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega avtoraqamlar yagona oshirilgan to‘lov asosida beriladi.