Namangan aeroportida $140 mln investitsiya hisobiga yangi terminallar barpo etilmoqda. Shavkat Mirziyoyev 16-sentyabr kuni aeroportdagi qurilish ishlari bilan tanishdi.
Hozirgi aeroport turistlar oqimiga kichiklik qilayotgani qayd etildi. 3 qavatli qilib qurilayotgan yangi terminalda yo‘lovchi tashish quvvati 2,5 karra oshadi. Chegara nazorati va viza bo‘limlari, biznes zali, savdo va ovqatlanish shoxobchalari, tibbiyot xonasi, Duty Free do‘konlari tashkil etiladi.
Shuningdek, aeroportda ulkan yuk terminali qurilmoqda. U kuniga 50 tonna yuk tashish va 90 ta mamlakatga eksport qilish imkonini beradi. Bu orqali vodiyda yagona kargo tizimi yaratiladi. Hududning biznes, eksport va tranzit salohiyati oshadi.
2025-yili Namangan viloyatiga 1,5 mln xorijiy va 2 mlndan ortiq mahalliy sayyohlarni jalb qilish, xizmatlar eksportini $210 mingga yetkazish rejalashtirilgan. Andijon va Farg‘ona viloyatlari eksporti ham oshib boryapti.
Aeroportda maxsus servis texnikalari ham yangilanadi. Bu turli hajmdagi samolyotlarni qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatish imkonini beradi. Shuningdek, keytering, yonilg‘i quyish majmuasi va boshqa xo‘jalik binolari quriladi. Yangi terminallar 2026-yili ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.
Davlat rahbari aeroport atrofidagi infratuzilmani unga mutanosib rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Dunyoning ilg‘or tajribasidagi kabi, aeroport atrofida mehmonxonalar, savdo va ko‘ngilochar majmualar, barcha zamonaviy xizmatlar bo‘lishi zarurligi taʼkidlandi. Avtoturargoh va servis obyektlari tashkil etib, mehmonlar uchun qulayliklarni kengaytirish vazifasi qo‘yildi.
2024-yilning mart oyida Shavkat Mirziyoyev Namangan xalqaro aeroportidagi bo‘sh maydonda yuk terminalini ishga tushirish bo‘yicha topshiriq bergandi.
Joriy yilning avgust oyi boshida Shavkat Mirziyoyevga transport sohasidagi yirik loyihalar bo‘yicha axborot berilib, unda Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport qurilishi rejalashtirilayotgani, hozirda xususiy sheriklik bo‘yicha xorijiy kompaniyalar takliflari ko‘rib chiqilayotgani ma’lum qilingandi.
Spot, avvalroq, Arnasoyda qurilayotgan aeroport birinchi sinov samolyotini qabul qilgani haqida yozgandi.