AQSh prezidenti Donald Tramp The New York Times gazetasini “tuhmat va yolg‘on tarqatish"da ayblab, unga qarshi $15 mlrdlik da’vo arizasi kiritganini ma’lum qildi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Trampning aytishicha, OAV “juda uzoq vaqt davomida uning nomini jazosiz qoralab, yolg‘on ma’lumotlar tarqatib kelgan”, endi esa u bunga chek qo‘yishga qaror qilgan.
“Bugun men uchun mamlakatimiz tarixidagi eng yomon va chirigan gazetalardan biri bo‘lgan The New York Times gazetasiga tuhmat va bo‘hton uchun $15 mlrdlik da’vo arizasini berish katta sharafdir. U radikal so‘l Demokratik partiyaning jarchisiga aylandi”, deb aytgan Tramp o‘zining Truth Social platformasida.
U gazeta harakatlarini AQSh tarixidagi “saylov kampaniyasiga eng katta noqonuniy hissa” deb hisoblaydi, bunga 2024-yilgi saylovlarda Kamala Xarrisni ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlagani sabab bo‘lgan. The New York Times ushbu qo‘llab-quvvatlashni birinchi sahifaga olib chiqdi, bu esa Trampning so‘zlariga ko‘ra, “ilgari hech qachon kuzatilmagan” holat edi.
Prezident, shuningdek, ommaviy axborot vositalarini o‘zi, oilasi, biznesi va America First harakati haqida “ko‘p yillik yolg‘on tarqatish tizimida” aybladi. Uning ta’kidlashicha, bir qator OAV uning obro‘siga putur yetkazish maqsadida “hujjatlar va tasvirlarni soxtalashtirish uchun yuqori texnologiyali usullardan foydalangan”.
The New York Times hozircha Trampning bayonotiga izoh bermadi.
Bu Donald Tramp nufuzli ommaviy axborot vositalari bilan sudlashishga uringan birinchi holat emas. Ilgari u The New York Times gazetasi va jiyani Meri Trampga qarshi $100 mlnlik da’vo arizasi topshirgan edi. Bu da’vo Pulitser surishtiruvlari seriyasiga asos bo‘lgan soliq hujjatlarining sizib chiqishi tufayli kelib chiqqan edi. O‘shanda sud uni “konstitutsiyaviy huquq nuqtayi nazaridan asossiz” deb rad etgan.
Shuningdek, 2023-yilda Trampning CNN telekanaliga qarshi $475 mlnlik da’vosi rad etildi, bunda u telekanalni o‘zini Gitler bilan taqqoslashda aybladi. Sud da’voni qondirishni rad etdi.
Avvalroq Spot Donald Tramp YIga Xitoy va Hindistonga qarshi 100% gacha boj joriy etishni taklif qilgani haqida yozgandi. Qayd etilishicha, Tramp Rossiya neftini xarid qilayotgani uchun Xitoy va Hindistondan keltirilayotgan tovarlarga boj solishga undamoqda.