Smartbank o‘z nomini Openbank‘ka o‘zgartirdi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi. Bundan buyon bank shu nom ostida faoliyatini davom ettiradi.
Endilikda bankning rasmiy saytiga openbank.uz domeni orqali kirish mumkin. Shuningdek, bankning Telegram-kanali ham yangi nom bilan yuritilmoqda.
Ta’kidlanishicha, barcha xizmatlarni ko‘rsatishda avvalgidek tartib saqlanib qoladi hamda bank “mijozlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishda davom etadi”.
Joriy yilning iyun oyida Smartbank o‘z nomini Openbank‘ka o‘zgartirishi ma’lum bo‘lgandi. Aksiyadorlarning 100% kvorum bilan 17-iyun kuni o‘tkazilgan yillik yig‘ilishida bu bo‘yicha qaror qabul qilindi. Bankning yangi nomi sifatida ta’sischilar bir ovozdan Openbank nomini tasdiqlagan.
Markaziy bank Smartbank’ga bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani 2022-yilning dekabr oyida bergan. U Turkiston Bank va Hi-Tech Bank litsenziyalari bekor qilinganidan keyin O‘zbekistonda ochilgan birinchi bank bo‘ldi.
Avvalroq Markaziy bank 9 ta bank, 6 ta mikromoliya tashkiloti va 4 ta lombardni jarimaga tortgani haqida xabar berilgandi.