Avvalroq prezidentning mamlakatning hudud, soha va tarmoqlarida raqamli texnologiyalar joriy etilishini tezlashtirishga qaratilgan qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, kelasi yil 1-maydan nogironlikni belgilash bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishda fuqarolarga tibbiyot muassasalariga imtiyozli davolanish uchun beriladigan yo‘llanmani shakllantirish va elektron navbatga qo‘yish kompozit shaklda amalga oshiriladi.

Shuningdek, 2026-yil yakunigacha tibbiy ko‘rik jarayonida sunʼiy intellektga asoslangan “Shifokorning raqamli yordamchisi” dasturi ishga tushiriladi. Bunda dastur shifokor nutqini avtomatik bayonlashtiruvchi ovozli yordamchi bo‘ladi va bemorlarga tashxis qo‘yishda ko‘maklashadi.

2025-yil 1-noyabrdan davlat OTMlari talabalariga oylik ijara to‘lovining bir qismini qaytarish bo‘yicha Yagona portal orqali murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.

Shu bilan birga, transportga gaz baloni o‘rnatilganligiga oid maʼlumotlarni elektron shaklda yuritish orqali avtomashinani ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasini qayta rasmiylashtirish tartibi bekor qilinadi.

Kelgusi yildan o‘rta maxsus, kasbiy va oliy taʼlim tashkilotlarida taʼlim jarayoni bilan bog‘liq davlat xizmatlari Yagona portal orqali ko‘rsatiladi.

Hukumatning 2021-yilning 24-sentabridagi qarori bilan ijara huquqi asosida yashaydigan davlat oliy ta’lim muassasalarining kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalarga oylik ijara to‘lovining bir qismini budjetdan qoplab berish tartibi belgilangan.

Bunda davlat soliq xizmati organlari tomonidan hisobga qo‘yilgan ko‘chmas mulk ijara shartnomasiga muvofiq yashovchilarga to‘lovlar qoplab beriladi. Bu ro‘yxatga olingan doimiy yashash joyi doirasida tatbiq etilmaydi. Ijara shartnomalarini hisobga qo‘yish xizmatidan bu yerda foydalanish mumkin.

OTMlarning birinchi bosqich talabalariga ikki oylik ijara pulini shartnomasiz to‘lab berish tizimi 2022-yilda ishga tushgan.

2023-yilning aprelida ijara to‘lovini qoplab berishni soddalashtirish bo‘yicha qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Avgustga kelib talabalarni turar-joy bilan ta’minlash tizimini yaxshilashga qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan ijara to‘lovining bir qismini qoplash uchun talabalarga qo‘yiladigan ayrim talablar bekor qilinib, talabgorni aniqlash mezonlarini belgilash vakolati OTMdagi komissiyaga berildi.

Avvalroq Yagona portaldagi pulli xizmatlar bank va aloqa operatorlari ilovalariga ulanishi haqida xabar berilgandi.