OTM talabalarini turar-joy bilan ta’minlash tizimini yaxshilashga qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan davlat OTMlari talabalarini talabalar turar joyiga joylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Xususan, 2023−2024 o‘quv yilida 1-kurs talabalari uchun davlat xizmati markazlari va Yagona portal orqali talabalar turar joyiga joylashtirish bo‘yicha bepul xizmat ko‘rsatiladi.

Jarayon onlayn ariza berish yo‘li bilan amalga oshirilib, arizalar qabuli 20-avgustdan boshlanadi.

Bunda talabalar bilan tuziladigan turar joy ijara shartnomalari davlat soliq xizmati organlarida soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali masofadan turib biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) orqali onlayn hisobga qo‘yiladi.

Yuqori kurs talabalarini turar joyga joylashtirish esa an’anaviy tarzda amalga oshiriladi. Bunda talabalar turar joyiga joylashish uchun arizalarni OTM yotoqxonalariga joylashtirish komissiyasiga topshirish kerak bo‘ladi.

2024−2025 o‘quv yilidan barcha kurs talabalari uchun davlat OTMlarining talabalar turar joyiga joylashish jarayoni faqat DXM yoki Yagona portal orqali amalga oshiriladi.

Bunda, ariza berish 1-avgustdan boshlab o‘quv yili yakuniga qadar davom etadi.

Ijara kompensatsiyasini qoplab berish

Shuningdek, mazkur qaror blian hukumatning tegishli qaroriga ayrim o‘zgartirishlar kiritildi. Bunda talabalarga oylik ijara to‘lovining bir qismi ijara shartnomasining summasidan qat’i nazar quyidagicha belgilanmoqda:

  • Toshkent shahrida — BHMning bir baravari (330 ming so‘m);
  • qolgan hududlarda — BHMning yarim baravari (165 ming so‘m).

Ijara to‘lovining bir qismini qoplash uchun talabalarga qo‘yiladigan bir qator talablar bekor qilinib, talabgorni aniqlash mezonlarini belgilash vakolati OTMdagi komissiyaga berildi.

Bu orqali haqiqatda ijaraga ehtiyojmand bo‘lgan talabalarning imtiyozdan foydalanish imkoniyati oshiriladi.

Shuningdek, 1-bosqich talabalariga sentabr va oktabr oylari uchun ijara shartnomasi talab etmasdan oylik ijara to‘lovining bir qismini qoplab berish tartibi joriy etildi.

2022-yilda OTMlarning birinchi bosqich talabalariga ikki oylik ijara kompensatsiyasi shartnomasiz to‘lab berish ishga tushgandi.

TTJga qabul qilinishda kimlar ustunlikka ega?

Qarorda qayd etilganidek, quyidagi toifadagi talabalar ustuvorlik asosida talabalar turar joylariga qabul qilinadi:

  • “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar;
  • “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Temir daftar” va “Ayollar daftari"ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari hamda “Yoshlar daftari"da turadigan talabalar;
  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar;
  • bir oiladan bakalavriat bosqichi kunduzgi ta’lim shaklida ikki yoki undan ortiq to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalar farzandlari;
  • xalqaro fan olimpiadalari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan respublika fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;
  • “Yil talabasi” va “Talabalar teatr studiyalari” ko‘rik-tanlovlarining respublika bosqichi g‘olibi bo‘lgan talabalar;
  • oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;
  • talabalar turar joyida talabalar kengashi raisi, qavat sardori bo‘lgan talabalar.

Avvalroq Toshkentda talabalarni yotoqxona va ijara uylariga joylashtirish markazlari tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.