Avvalroq 16-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

Unda davlat rahbari Yangi Namanganni Chortoq bilan bog‘lovchi yo‘ldagi 13 km lik tunu-kun ishlaydigan servis ko‘chasi bilan tanishgani aytib o’tildi. Kosonsoy, Namangan, To‘raqo‘rg‘on, Uychi va Yangiqo‘rg‘onda yana 8 ta shunday ko‘cha barpo etish reja qilingan.

Kosonsoy markazi, Norindagi daryo bo‘ylari, Chustning G‘ova, Yangiqo‘rg‘onning Nanay, Popning Chodak qishloqlarida Bo‘stonliqdan kam bo‘lmagan go‘zal tabiat, so‘lim joylar borligi, bu joylarda tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish istagida yurgan tashabbuskorlar ham juda ko‘pligi taʼkidlandi.

Shu munosabat bilan viloyat Islohotlar shtabiga tadbirkorlar bilan har bir tumanda kamida 2 tadan shunday joylarni tanlab, ular bo‘yicha master-reja ishlab chiqish, amalga oshiriladigan loyihalar hisobiga keyingi yilda 50 ming odamni ishli va daromadli qilish topshirildi.

Shuningdek, Pop, To‘raqo‘rg‘on, Uychi, Uchqo‘rg‘on va Chustdan o‘tgan daryo va soy o‘zanlarining 40 km qismida ham 650 ta servis obyektini qurib, 10 ming odamni daromadli qilish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddilarga bu yerlarning muhofaza zonasi va konturini belgilab, auksionga chiqarishni boshlash topshirildi.

Namanganda so‘nggi besh yilda 39 ming gektar yer qayta foydalanishga kiritildi. Prezident To‘raqo‘rg‘onda tomchilab sug‘orish orqali 5 ming gektar adir yerlarni o‘zlashtirish ishlari boshlanganini maʼqulladi. Hozirgacha 2 ming gektar o‘zlashtirildi, shundan 1,3 ming gektarida bog‘ va uzumzor tashkil etildi, 4 ming kishi ishli bo‘ldi.

Bu ishlarni davom ettirib, Pop tumanida 4 ming gektar, Kosonsoy, Chust va Mingbuloq tumanlarida 1 ming gektardan yerni qayta foydalanishga kiritish vazifasi qo‘yildi.

Norin tumanida joylashgan baliqchilik klasteridagi ishlar yuqori baholandi. O‘sha yerning o‘zida mahalliy aholi forel balig‘i yetishtirishga o‘rgatilmoqda.

Xo‘ja-qo‘rg‘oncha mahallasidagi 25 ta xonadon klaster bilan kooperatsiya qilib, yiliga har biri 150 mln so‘mgacha daromad ko‘rmoqda. Bu tizimni ommalashtirib, Uchqo‘rg‘on va Norin tumanidagi 1 ming xonadonda forel yetishtirishni yo‘lga qo‘yish, 1 sotixli 350 ta sunʼiy hovuz o‘rnatib, aholiga bo‘lib berish muhimligi taʼkidlandi.

Niderlandiyalik hamkorlar bilan yiliga 20 ming tonna baliq ozuqasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Avvalroq Namangandagi 49 ta texnikumda dual taʼlim yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi.