2025-yil boshidan buyon O‘zbekistonda o‘tgan yilga nisbatan ko‘proq o‘lchovli oltin quymalari sotildi. Bu haqda Markaziy bankning Xalqaro rezervlarni boshqarish departamenti rahbari Sanjar Valiyev ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.
19-sentabr holatiga ko‘ra, mamlakatda 380 kg oltin quymalari sotilgan bo‘lib, ularni 17 387 kishi xarid qilgan. Bu butun 2024-yilga nisbatan hajm jihatidan 61% ga, xaridorlar soni bo‘yicha esa 20% ga ko‘pdir.
2020-yildan buyon o‘lchovli quymalar savdosi 8,8 barobarga, xaridorlar soni esa 7,2 barobarga oshdi.
Eng katta o‘sish 2024-yilga to‘g‘ri kelib, o‘tgan yilga nisbatan sotuvlar deyarli 2,2 barobarga, xaridorlar soni esa 2,5 barobardan ko‘proqqa oshdi.

17-sentabr, chorshanba kuni O‘zbekistonda oltin o‘lchovli quymalar narxi yana bir bor tarixiy maksimumni yangiladi.
Bir gramm qimmatbaho metall narxi 1 510 660 so‘m bo‘lib, bir kunda 0,36% ga oshgan. Massasi 5 gramm bo‘lgan quyma 7,553 mln so‘m yoki avvalgi rekorddan 22 ming so‘mga qimmat.
Oltin joriy yil boshidan beri mahalliy bozorda narx rekordini 30-marta yangiladi. Sakkiz yarim oy ichida uning narxi 33,4% ga ko‘tarildi, yillik ko‘lamda esa o‘sish 38,3% ni tashkil etdi (1 092 460 so‘mdan boshlab).
Avvalroq Spot O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari tarixiy rekord darajaga — $50 mlrddan oshgani haqida yozgan edi.
                                                    
											
                            
											
											
											
											
											
											