Rossiya ishchi kuchi yetishmasligi sharoitida uzoq muddatli istiqbolda mehnat migratsiyasiga e’tibor qaratishni rejalashtirmagan. Bu haqda Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikovga tayanib, TASS xabar bermoqda.
“Agar biz mehnat tanqisligi sharoitida rivojlansak, albatta, ayrim vaziyatlarda migrantlarni jalb qilishimiz kerak bo‘ladi. Ammo biz boshlagan jarayonni — migratsiyada „keldi, ishladi, ketdi“ tamoyili bo‘yicha yondashuvimizni yakunlashimiz zarur. Hammasi adolatli: boshqa mamlakatlardan kelishadi, pul topishadi, keyin o‘z yurtiga qaytishadi. Bizga bu yerda na oilalari kerak, na [maktablarda] kimnidir (Rossiya fuqarolaridan tashqari) o‘qitish majburiyati. Shuning uchun bu jarayon yo‘lga qo‘yilmoqda, lekin uzoq muddatli istiqbolda migratsiyaga jiddiy tayanishga hech kim tayyor emas”, — dedi u.
Iqtisodiy rivojlanish vazirining so‘zlariga ko‘ra, asosiy vazifa mehnat unumdorligini izchil oshirishdir. U buning uchun alohida loyiha ishlab chiqilganini eslatdi. Bundan tashqari, platforma iqtisodiyoti mehnat unumdorligini rivojlantirish uchun katta imkoniyatlarni taqdim etadi.
Avgust oyida Rossiya Mehnat vazirligi hukumatga 2026-yilda iqtisodiyotning bir qator tarmoqlarida xorijiy ishchilarni yollashni keskin qisqartirishni taklif qildi. Ilgari limitlar bo‘lmagan umumiy ovqatlanish joylarida 50% gacha cheklov joriy etish, qurilishda esa 80% dan 50% gacha kamaytirish rejalashtirilmoqda.
Maxsus do‘konlarda alkogol va tamaki mahsulotlarining chakana savdosida chet elliklar uchun ruxsat etilgan kvota 15% dan to‘liq taqiqgacha tushishi mumkin. Yana bir nechta sohalarda mehnat migrantlarining maksimal ulushini 50% o‘rniga 40% qilib belgilash taklif etildi.
Bundan tashqari, Mehnat vazirligi Rossiyaning 29 ta subyektida ishga yollashning mintaqaviy xususiyatlarini belgilashni taklif qildi. Shundan 14 ta hududda ayrim faoliyat turlarida chet ellik ishchilarning yo‘l qo‘yiladigan ulushi federal qiymatlardan past bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Spot Buyuk Britaniya O‘zbekistondan kelgan mehnat muhojirlari uchun kvotalarni oshirishi haqida yozgan edi.
