Avvalroq 1-oktabrgacha moped va skuter egalari haydovchilik guvohnomasini olishlari kerakligi haqida xabar berilgandi.
Xalq demokratik partiyasi xabariga ko‘ra, hozir 130 ming nafarga yaqin yoshlar kuryerlik xizmati bilan band. Bu faqat velosiped, moped va skuterlar orqali xizmat ko‘rsatayotgan fuqarolardir.
Taʼkidlanishicha, o‘zini o‘zi band qilgan, xalqqa xizmat qilayotgan fuqarolardan moped va skuterlarni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi talab qilinayotgan vaqt qisqa hisoblanadi.
“To‘g‘ri, bu borada hukumat tomonidan muddatlar uzaytirilgan, biroq talabgorlarning juda ham ko‘p bo‘lgan miqdorini inobatga olib, bu davrda hujjat talab qilish maqsadga muvofiqligini yana bir bor o‘ylab ko‘rish lozim”, deyiladi xabarda.
XDP mazkur sohada xizmat qilayotgan ko‘plab fuqarolar kimdandir yordam kutmasdan, daromad topishga, moliyaviy muammolarini o‘zi hal qilishga intilayotganini qayd etdi.
Yangi tartibga ko‘ra, bir kunda yuz minglab yoshlar daromad manbaisiz, ishsiz qolishi mumkinligi masalaning qanchalik chuqur va keng ekani ravshanroq bo‘lishi aytildi.
“Shu bois, joriy yilning 1-oktabridan moped va skuterlarni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi talab etilishi muddatini keyingi yilga qoldirgan holda, haydovchilik guvohnomasi va davlat raqamini olish uchun muddatlar va to‘lovlar miqdorini qayta ko‘rib chiqish lozim, deb hisoblaymiz”, deyiladi XDP xabarida.
Qo‘shimcha qilinishicha, ushbu masala bo‘yicha tegishli tartibda deputatlik so‘rovi kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasi 2024-yilning iyul oyida moped va skuterlar uchun davlat raqamlari turlarini tasdiqladi. IIV va Texnik tartibga solish agentligi uch oy ichida ular uchun texnik reglamentlarni belgilashi va 2025-yildan ro‘yxatdan o‘tmagan mopedlarni boshqarishni taqiqlanishi kerak edi.
Dekabr oyida Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning tegishli buyrug‘i bilan moped va skuterlarga davlat raqami belgilarini berish uchun yig‘im miqdori BHMning 1,5 baravari — 562,5 ming so‘m etib belgilandi.
Shuningdek, yil yakuniga kelib, IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati skuter, elektroskuter va elektromototsikllar uchun ro‘yxatdan o‘tkazish raqami belgilarini berishni boshladi.
Avvalroq avtomobillarni utilizatsiya qilish tartibini buzgan shaxslar jarimaga tortilishi haqida xabar berilgandi.