Marg‘ilon shahridagi TRZ bozorida sotilayotgan Fabol‘AI brendi ostidagi 800 ml idishga joylangan “Gel dlya dushi” mahsuloti sinov laboratoriyasiga topshirildi. Bu haqda Nazorat inspeksiyasi xabar berdi.
Bunda standart talablariga mosligini aniqlash maqsad qilingan.
O‘tkazilgan laboratoriya tadqiqotlari natijasida mahsulot tarkibida amaldagi texnik reglament va standart talablariga nomuvofiq bo‘lgan ko‘rsatkichlar aniqlandi.
Jumladan, mahsulot tarkibidagi ayrim kimyoviy moddalarning miqdori me‘yordan oshganligi va xavfsizlik darajasi kafolatlanmaganligi qayd etildi.
Mazkur nomuvofiqliklar mahsulotni uzoq muddat davomida ishlatish natijasida inson salomatligiga salbiy ta‘sir ko‘rsatishi mumkin. Jumladan:
- terining qichishi, qizarishi yoki allergik reaksiyalar;
- teri to‘qimalarining yallig‘lanishi;
- nafas yo‘llariga ta‘siri;
- terining tabiiy muvozanatini buzish, bu esa bakterial yoki zamburug‘li kasalliklarga olib kelishi mumkin.
Shu bois mahsulotdan foydalanishda ehtiyotkorlikka chaqirilmoqda. Iste‘molchilarga ushbu mahsulotni ishlatishdan oldin uning sifati va xavfsizligi haqida to‘liq ma‘lumotga ega bo‘lish tavsiya etildi.
Avvalroq 32 toifadagi mahsulotlar uchun muvofiqlik sertifikati bekor qilinishi haqida xabar berilgandi.