Avvalroq O‘zbekiston ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi majlisining tegishli bayoni tasdiqlangani haqida xabar berilgandi.

Davlat komissiyasi bayoniga muvofiq, 2025/2026-o‘quv yili uchun bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida vakant qolgan o‘rinlarga qo‘shimcha qabul amalga oshiriladi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, 2025-yilgi kirish imtihonlarida 56,7 ball va undan yuqori natija ko‘rsatgan, biroq talabalikka tavsiya etilmagan, shu jumladan ro‘yxatdan o‘tishning ikkinchi bosqichida OTM va ta’lim yo‘nalishlarini tanlamagan abituriyentlarga imkoniyat berilmoqda.

Davlat OTMlarida qolgan vakant bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga tanlovda ishtirok etish uchun joriy yilning 25-sentabridan 3-oktabriga qadar (shu kuni ham) my.uzbmb.uz sayti orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tish mumkin.

Abituriyentlar to‘plagan ballari ketma-ketligiga qat’iy rioya qilingan holda vakant o‘rinlarga bazaviy to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etiladi. Ular ro‘yxatdan o‘tishda fanlar majmuasi mos bo‘lgan yo‘nalishni tanlashlari mumkin.

Tanlov natijalari bo‘yicha qaydnomalar 8-oktabrga qadar chop etilib, tegishli oliy ta’lim tashkilotlariga talabalikka qabul qilish bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirish uchun yetkaziladi.

Umumiy qabul parametrlarida vakant o‘rinlar qolgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ma’lumotlar Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

Spot, avvalroq, Toshkentda Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali tashkil etilishi haqida yozgandi.