Hukumatning respublikada g‘ildirakli transport vositalarining ekologik toifa talablariga muvofiqligini baholash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan M (yo‘lovchi tashuvchi) va N (yuk tashuvchi) toifadagi yangi import avtomobillarni ekologik sertifikatlash tartibi bekor qilinmoqda.

Buning o‘rniga, “Yevro-4” va undan yuqori sinf talablariga muvofiqlik muomalaga chiqarilayotgan g‘ildirakli transport vositalarining xavfsizligi umumiy texnik reglamenti talablari asosida baholanadi hamda transportning turini ma’qullash va muvofiqlik sertifikatlarida aks ettiriladi.

Elektromobillar ekologik toifa talablariga muvofiqlik bo‘yicha baholanmaydi. Biroq, bu talab gibrid avtomobillar uchun o‘z kuchida qoladi.

Avtomobil importchisi “O‘zstandart"ga quyidagi hujjatlardan kamida bittasini taqdim etishi shart:

  • ishlab chiqaruvchi yoki dilerning transport vositasi “Yevro-4” va undan yuqori talablarga muvofiqligi to‘g‘risidagi rasmiy xati;
  • ishlab chiqaruvchi mamlakatning “Yevro-4” darajasidan past avtotransport vositalarini ishlab chiqarishni taqiqlovchi qonun hujjatlari haqidagi maʼlumotlar;
  • “Yevro-4"dan past bo‘lmagan talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi boshqa texnik hujjatlar.

Tur tasdig‘i doirasida muvofiqlikni baholash uchun akkreditatsiyadan o‘tgan sinov laboratoriyasida chiqindi meʼyorlarining muvofiqligi tahlil qilinadi.

Bunday laboratoriya mavjud bo‘lmagan taqdirda, sertifikatlashtirish organlari avtomobilni taqdim etilgan hujjatlar asosida rasmiylashtiradi.

Spot, avvalroq, avgustda O‘zbekiston avtomobil bozorida savdolar hajmi qisqargani haqida yozgandi.