Abituriyentlar uchun oliy ta’limga kirish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar belgilandi, deya xabar bermoqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati.
O‘zbekiston ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi majlisining tegishli bayoni tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida vakant qolgan o‘rinlar uchun tanlov o‘tkaziladi.
Bunda 56,7 ball va undan yuqori natija ko‘rsatgan, biroq talabalikka tavsiya etilmagan, shu jumladan ro‘yxatdan o‘tishning ikkinchi bosqichida OTM va yo‘nalish tanlamagan abituriyentlarga ham imkoniyat beriladi.
Kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra abituriyentlar uchun tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirish imkoniyati yaratiladi.
Bundan tashqarim bayon bilan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga davlat buyurtmalari tasdiqlandi. Qoraqalpog‘iston yoshlari uchun qo‘shimcha grant va to‘lov-kontrakt o‘rinlari ajratildi.
Shuningdek, prezident granti uchun ajratilgan kvotalarning ta’lim sohalari bo‘yicha taqsimoti hamda davlat oliy ta’lim tashkilotlarining magistratura mutaxassisliklariga tanlov natijalari tasdiqlandi.
Vazirlik yana batafsil ma’lumotlar berilishini ma’lum qildi.
Qabul-2025
2025−2026-o‘quv yili uchun oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul 5-iyundan boshlandi. Arizalar 25-iyungacha onlayb qabul qilindi. Joriy yilgi qabulda onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 732 411 nafarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 1,2 baravarga yoki 161,8 mingdan ortiqqa kamdir.
25-iyuldan oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo‘nalishlarini tanlash boshlandi. Abituriyentlar 8-avgustgacha oliygoh, ta’lim yo‘nalishi va shakli, shuningdek, tanlov ustuvorligini tanladilar. Joriy yilda ham minimal o‘tish bali o‘zgarishsiz qoldi: grant uchun 68 ball, kontrakt uchun esa 56,7 ball. Shuningdek, bakalavriatura va magistratura uchun qabul kvotalari belgilandi.