Avvalroq O‘zbekiston ta‘lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi majlisining tegishli bayoni tasdiqlangani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan 2025/2026-o‘quv yili uchun kirish imtihonlarida 56,7 va undan yuqori ball to‘plagan, lekin talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlarni bakalavriatga qo‘shimcha qabul qilishda tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdori rektor tomonidan mustaqil belgilanadi.

Bunda qabul chegaralariga 4,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun belgilangan tabaqalashtirilgan kontrakt miqdorlari hukumat qarori bilan tasdiqlangan nizom talablariga (1-ilova, 73-band, quyida keltirilgan) asosan belgilanadi.

abituriyentlar, oliy ta'lim, oliy ta'lim muassasi, qabul-2025, rektor, super-kontrakt

Shuningdek, 4,05 balldan ortiq ball yetmagan abituriyentlar uchun super-kontrakt miqdorlari OTMlar rektorlari tomonidan bazaviy to‘lov-kontraktning 3 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanadi.

Barcha oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan 25-sentabrgacha joriy o‘quv yili uchun bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari va taʼlim shakllari kesimida tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdorlari tasdiqlanadi.

Super-kontrakt asosida tahsil olish istagini bildirgan abituriyentlarga bir yillik o‘qitish qiymatining 50% ini 31-oktabrga qadar (shu kuni ham) to‘lashga ruxsat beriladi.

Shu bilan birga, imtihonlar natijasi bo‘yicha tanlovda ishtirok etib, 2−5-taʼlim yo‘nalishlaridan biriga talabalikka tavsiya etilganlarga ustuvorligi bo‘yicha tanlagan birinchi bakalavriat taʼlim yo‘nalishida super-kontrakt asosida o‘qishga ruxsat berildi. Bundan maqsadli qabul asosida talabalikka tavsiya qilinganlar mustasno.

Qabul-2025

2025−2026-o‘quv yili uchun oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul 5-iyundan boshlandi. Arizalar 25-iyungacha onlayb qabul qilindi. Joriy yilgi qabulda onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 732 411 nafarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 1,2 baravarga yoki 161,8 mingdan ortiqqa kamdir.

25-iyuldan oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo‘nalishlarini tanlash boshlandi. Abituriyentlar 8-avgustgacha oliygoh, ta’lim yo‘nalishi va shakli, shuningdek, tanlov ustuvorligini tanladilar. Joriy yilda ham minimal o‘tish bali o‘zgarishsiz qoldi: grant uchun 68 ball, kontrakt uchun esa 56,7 ball. Shuningdek, bakalavriatura va magistratura uchun qabul kvotalari belgilandi.

Avvalroq qoraqalpog‘istonlik abituriyentlar uchun qo‘shimcha grant va kontrakt o‘rinlari tasdiqlangani haqida xabar berilgandi.