Avvalroq Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Nyu-York shahrida bo‘lib turgani haqida xabar berilgandi.
O‘zbekiston prezidenti Air Products kompaniyasi bosh ijrochi direktori Eduardo Menezes bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekistonda yuqori texnologik sanoat korxonalarini tashkil etishga faol sarmoya kiritayotgan yetakchi xalqaro kompaniyalardan biri bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da kengaytirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.
Ayni paytda kompaniyaning mamlakatimizga investitsiyalari $1 mlrddan oshdi. GTL zavodida sanoat gazlarini qayta ishlash, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida vodorod, Navoiyzotda suyuq karbonat angidrid ishlab chiqarish, Shokli muzlatish markazini tashkil etish kabi loyihalar amalga oshirildi.
Buxoroda gaz-kimyo majmuasini barpo etish, ko‘mirni gazlashtirish, ekologik toza aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqarish loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Uchrashuv yakunida kooperatsiya loyihalarini ilgari surish bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni qabul qilishga ahdlashib olindi.
O‘zbekiston va Air Products hamkorligi
2018-yili Air Products kompaniyasi O‘zbekistondagi neft-gaz, kimyo, farmatsevtika, metallurgiya kabi turli sohalari ehtiyoji uchun sanoat gazini ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarga investitsiya kiritishi ma’lum bo‘ldi.
2019-yilning bahorida esa O‘zbekistonda AQSh korporatsiyasi bilan hamkorlikda sanoat gazi bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etilishi aytilgandi.
2023-yilning may oyida Air Products Qashqadaryodagi tabiiy gazni qayta ishlash majmuasini rivojlantirishga $1 mlrd yo‘naltirishi bildirildi. Shuningdek, kompaniya Buxoroda metanoldan olefin ishlab chiqaruvchi zavod qurilishi yuzasidan shartnoma tuzilgandi.
O‘sha yili sentabrda Shavkat Mirziyoyev kompaniya boshqaruvi raisi bilan mamlakatda ko‘mirni gazlashtirish, texnik gazlar, vodorod va ammoniy ishlab chiqarish hamda achchiq gazlarni utilizatsiya qilish kabi loyihalarni ko‘rib chiqqandi. Uchrashuv yakunida kompaniyaning O‘zbekiston uchun qiymati $10 mlrddan ziyod bo‘lgan yangi investitsiya dasturini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar almashilgandi.
2024-yilning aprelida kompaniya O‘zbekistonda karbonat angidrid ishlab chiqarishni rivojlantirishga $15 mln ajratishi haqida xabar berilgandi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha qanday hujjatlar imzolangani haqida yozgandi.
Air Products — sanoat gazlarini ishlab chiqarish va yetkazib berishga ixtisoslashgan. Kompaniyaning bozor kapitallashuvi $63 mlrddan ortiq. Har yili dunyoning 50 dan ortiq mamlakatida 200 mln tonna sanoat gazlarini ishlab chiqaradi hamda 750 ga yaqin ishlab chiqarish obyektlarini boshqaradi.