AQShning “Air Products” kompaniyasi Qashqadaryo viloyatidagi tabiiy gazni qayta ishlash majmuasini rivojlantirishga $1 mlrd yo‘naltiradi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, AQSh kompaniyasi, vazirlik hamda “O‘zbekneftgaz” o‘rtasida investitsiya shartnomasi imzolangan.

“Bu kelishuv yuqori sifatli arzon yoqilg‘i ishlab chiqarish va o‘sib borayotgan ijtimoiy ehtiyojlarni qondirish imkonini beradi. Uzoq muddatli va barqaror sheriklikning rivojlanishini kutmoqdamiz”, — dedi “Air Products” direktorlar kengashi raisi, prezidenti va bosh direktori Seyfi Gasem.

Loyiha natijasida tabiiy gazni yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishda foydalanish orqali samaradorlik oshirilishi, mahsulot tannarxi pasaytirilishi hamda zararli chiqindilarni kamaytirishga erishilishi ta’kidlangan.

2019-yili “Air Products” kompaniyasi bilan hamkorlikda sanoat gazi bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etilishi ma’lum qilingandi.