Avvalroq Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Nyu-York shahrida bo‘lib turgani haqida xabar berilgandi.
O‘zbekiston prezidenti AQShning Citigroup moliyaviy korporatsiyasi raisi Jon Duganni qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda korporatsiya bilan hamkorlik rivojlanib borayotgani qayd etildi. Citigroup ko‘magida O‘zbekiston banklari va davlat korxonalarining obligatsiyalari xalqaro fond bozorlarida muvaffaqiyatli joylashtirildi. Toshkentda kompaniyaning ofisi ochildi.
Yirik davlat korxonalari bo‘yicha IPO bitimlarini tayyorlash va tuzish, yevroobligatsiyalar chiqarish, mamlakat reytingini oshirishni taʼminlash uchun maslahat yordamini ko‘rsatishga eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, moliyaviy yechimlarni ishlab chiqish va savdoni moliyalashtirishning yangi vositalarini ishga tushirish borasida hamkorlikni rivojlantirish muhokama qilindi.
Korporatsiya bilan o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni qabul qilishga kelishib olindi.
2023-yilning kuzida Shavkat Mirziyoyevning Nyu-Yorkda Citigroup moliyaviy korporatsiyasi raisi Jon Dugan bilan uchrashuvida bank-moliya sohasini rivojlantirish, fond bozoridagi qimmatli qog‘ozlar jozibadorligi va likvidligini oshirish uchun samarali vositalarni joriy etish, mamlakat kapital bozoriga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilingandi. Prezident Citigroup’ning mamlakatda Citibank sho‘ba banki ofisini ochish bo‘yicha rejalarini qo‘llab-quvvatladi.
Joriy yilning iyulida O‘zbekistonda CitiBank AS vakolatxonasi akkreditatsiya qilingandi. Keyinroq Citigroup O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini rasman ochgandi.
Avvalroq O‘zbekistonda AQSh investitsiya kompaniyasi bilan qo‘shma fond tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.
Citigroup — bank, investitsiya va moliya xizmatlarini ko‘rsatishga ixtisoslashgan. Uning bozor kapitallashuvi $100 mlrddan ortiqni tashkil etadi, kompaniya umumiy qiymati $2,3 trlndan ziyod bo‘lgan aktivlarni boshqaradi.