Xorijiy va xususiy oliy ta’lim muassasalariga shartnoma asosida qabul qilingan talabalar davlat granti uchun imtihonlarda qatnashishlari mumkin. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat komissiyasi bayoniga muvofiq 2025/2026-o‘quv yili uchun O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga 1 320 ta davlat buyurtmasi parametrlari tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, muayyan xorijiy va xususiy OTMlarga kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilganlar davlat buyurtmasi parametrlariga abituriyent sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.

Jarayon joriy yilning 29-sentabridan 5-oktabriga qadar (shu kuni ham) abituriyentlarning talabalikka tavsiya etilgan oliy ta’lim tashkiloti va ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshiriladi. Bunda BHMning 50%i (206 ming so‘m) miqdorida to‘lov undiriladi.

Kvotalar taqsimoti:

Test sinovlari joriy yilning 12-oktabrigacha o‘tkaziladi. Test natijalari abituriyentlarning to‘plagan ballari ketma-ketligiga qat’iy rioya qilgan holda shakllantiriladi. Ular belgilangan tartibda rasmiylashtirish uchun 17-oktabrgacha tegishli oliy ta’lim tashkilotlariga yetkaziladi.

Shuningdek, ushbu tanlovda joriy yilgi qabulda davlat OTMlarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga topshirib, talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar ham ishtirok etishlari mumkin. Bunda ularning to‘plagan ballari bilan fanlar majmuasi va ta’lim tili xorijiy yoki xususiy OTMning bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bilan mos bo‘lishi kerak.

OTMlar uchun qo‘shimcha qabul e’lon qilindi. Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari vakant o‘rinlariga qabul 25-sentabrdan 3-oktabrgacha amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, 2025-yilgi kirish imtihonlarida 56,7 ball va undan yuqori natija ko‘rsatgan, biroq talabalikka tavsiya etilmagan, shu jumladan ro‘yxatdan o‘tishning ikkinchi bosqichida OTM va ta’lim yo‘nalishlarini tanlamagan abituriyentlarga imkoniyat berilmoqda.