Avvalroq Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Nyu-York shahrida bo‘lib turgani haqida xabar berilgandi.

Davlat rahbari Franklin Templeton kompaniyasi prezidenti va bosh ijrochi direktori Jenni Jonsonni qabul qildi.

O‘zbekistonda korporativ boshqaruv tizimini tubdan rivojlantirish maqsadida kompaniya bilan strategik sheriklikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Franklin Templeton bilan qo‘shma investitsiya fondi tashkil etilib, davlatning strategik korxonalarini transformatsiya qilish va ularning aksiyalarini global fond bozorlarida joylashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Toshkent fond birjasi salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha uning mustaqilligi va shaffofligini mustahkamlash, fond bozorida investorlar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini yaratish, yirik xalqaro depozit banklarini jalb qilish va raqamli platformalarni joriy etishni nazarda tutuvchi ekspertlik ko‘magini ko‘rsatish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Yirik davlat korxonalari samaradorligini oshirish va ularni IPOga chiqarish dasturlarini amalga oshirishdan manfaatdorlik bildirildi.

Shuningdek, kadrlar salohiyatini oshirish, “yashil” iqtisodiyot standartlarini joriy etish va samaradorlikni oshirishga eʼtibor qaratgan holda davlat korxonalarini transformatsiya qilish uchun kompaniyaning tajribasi jalb etiladi.

Joriy yil oktabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Investorlar kuniga birgalikda puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligi qayd etildi.

Joriy yilning aprelida Fitch Ratings O‘zbekistondagi uchta bank aksiyalar paketlarining Franklin Templeton boshqaruvidagi Milliy investitsiya jamg‘armasiga o‘tkazilishini ijobiy baholagani haqida xabar berilgandi.

Spot, avvalroq, Citigroup O‘zbekistonning xalqaro reytingini oshirishga yordam berishi haqida yozgandi.

Franklin Templeton aktivlarni boshqarish va investitsiya xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi. Dunyoning 30 mamlakatida 100 dan ortiq vakolatxonalari mavjud. Kompaniyaning bozor kapitallashuvi $12 mlrddan oshadi. Qiymati $1,6 trlndan ziyod aktivlarni boshqaradi.