Avvalroq Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Nyu-York shahrida bo‘lib turgani haqida xabar berilgandi.
O‘zbekiston prezidenti AQShning yetakchi kompaniyalari, investitsiya jamg‘armalari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan davra suhbati o‘tkazdi.
Tadbirda AQSh prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor, global sherikliklar bo‘yicha maxsus vakili Paolo Zampolli, savdo vaziri o‘rinbosari Uilyam Kimmitt, Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm ishtirok etdi.
Shu bilan birga, ular qatorida Franklin Templeton, Citigroup, BNY Mellon, NASDAQ, Boeing, Mastercard, Visa, General Motors, Nvidia, Oppenheimer, Jefferies, Air Products, Traxys, FLSmidth, GoGreen Partners, Cleveland Clinic, Cargill kabi kompaniyalarning top-menejerlari hamda O‘zbekistonning yirik kompaniyalari rahbarlari bor.
Davlat rahbari AQSh prezidenti Donald Tramp bilan yaqinda bo‘lib o‘tgan muloqotda iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan salmoqli loyihalar portfelini shakllantirishga kelishib olinganini taʼkidladi. Shu munosabat bilan mazkur uchrashuv ushbu vazifalarni ilgari surishda alohida ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
O‘zbekiston va AQSh o‘rtasuda tovar ayirboshlash hajmi 8 yilda 4 barobar oshdi. AQShning 300 dan ortiq kompaniyasi O‘zbekistonga sarmoya kiritdi. Franklin Templeton bilan birgalikda Milliy investitsiya jamg‘armasi tashkil etildi.
Muhim minerallarni qayta ishlash va barqaror yetkazib berish zanjirlarini shakllantirish, AT, sunʼiy intellekt, raqamlashtirish, transport, energetika va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish va boshqa sohalarda aniq loyihalarni ilgari surish iqtisodiy va innovatsion sheriklikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.
O‘z navbatida, AQSh kompaniya va banklari rahbarlari O‘zbekiston prezidentiga ularning samarali faoliyati uchun yaratilgan sharoitlarga minnatdorlik bildirib, tarmoqlarda muhim loyiha va dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etish rejalarini bayon qildi.
AQShning yetakchi kompaniyalari, investitsiya fondlari va moliya institutlari rahbarlari bilan o‘tkazilgan davra suhbatidan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va AQSh prezidentining maxsus vakili Serjio Gor huzurida ikki tomonlama bitimlarni almashish marosimi bo‘ldi.
Xususan, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha quyidagi hujjatlar imzolangan:
- Transport vazirligi va Boeing kompaniyasi o‘rtasida transport sohasida uzoq muddatli hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Texnopark korxonasi va FLSmidth kompaniyasi o‘rtasida tog‘-kon uskunalarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish to‘g‘risida bitim;
- Akfa group va Cleveland Clinic o‘rtasida ko‘p tarmoqli klinika va taʼlim muassasasini tashkil etish to‘g‘risida bitim;
- Centrum Air aviakompaniyasi va Oppenheimer investitsiya kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Citigroup kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- O‘zbekgidroenergo va Cargill Financial Services International kompaniyasi o‘rtasida moliyaviy hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- O‘ztransgaz va Pangea Filtration Technology kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Cove Capital kompaniyasi o‘rtasida istiqbolli maydonlarda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish to‘g‘risida bitim;
- Yangi Kon korxonasi va SLB kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi bilan Biologic International kompaniyasi o‘rtasida sunʼiy intellekt va biotexnologiyalar sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun jamg‘armalar tashkil etish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim.
O‘zbekistonda AQShning Blackrock investitsiya kompaniyasi bilan qo‘shma fond tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.
Spot, avvalroq, Franklin Templeton Toshkent fond birjasiga xalqaro depozit banklarini jalb qilishi haqida yozgandi.