Toshkentdagi sobiq Chorsu mehmonxonasi o‘rnida yangi majmua qurilishi 2025-yil oxirigacha boshlanadi. Bu haqda 23sentabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Manar Development qurilish tashkiloti vakillari ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Chorsu by Manar/Yangi Chorsu (yakuniy nomi belgilanmagan) loyihasiga ko‘ra, sobiq Chorsu mehmonxonasi o‘rnida umumiy maydoni 100 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan ko‘p funksiyali majmua barpo etiladi.

Hududning asosiy qismi uy-joy uchun ajratiladi — 38,3 ming kv.metr. Savdo zonalari va mehmonxona maydonlari uchun har biriga 20 ming kv.metrdan ajratiladi. Yana 14 ming kv.metr ofis maydonlarini tashkil etadi.

Foto: Manar Development

Developer o‘z press-relizida ta’kidlashicha, loyiha turar-joy, xalqaro darajadagi mehmonxona, zamonaviy biznes klasteri, piyodalar ko‘chalari, yashil hududlar va dam olish maydonchalari bo‘lgan jamoat joylarini qamrab oladi.

Arxitekturaviy konsepsiya muallifi rossiyalik va nemis me’mori, Germaniya me’morlari uyushmasi (BDA) a’zosi, Thoban Voss asoschisi Sergey Choban hisoblanadi.

Manar Development bosh direktori Davron Fayzimatovning ma’lum qilishicha, loyihani amalga oshirish uchun $100 mlndan ortiq sarmoya kiritiladi.

Spot muxbirining loyihani moliyalashtirish manbasi haqidagi savoliga Davron Fayzimatov investitsiyalar bank kreditlarini jalb qilmasdan, Manar Development’ning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishini ta’kidladi.

Foto: Manar Development

Manar Development (yuridik shaxs — Manar Group) ijrochi direktori Rustam To‘rayev qurilish ishlari yaqin oylarda — taxminan shu yilning dekabr oyida boshlanishi rejalashtirilganini qayd etdi. Loyiha taxminan 3,5 yil davomida amalga oshiriladi. Dastlabki obyektlar 2028-yilda foydalanishga topshirilishi, qurilish ishlari esa 2029-yil oxirigacha to‘liq yakunlanishi kutilmoqda.

KTYDR ma’lumotlariga ko‘ra, Manar Group joriy yilning may oyida ro‘yxatdan o‘tgan. Ustav kapitali 130 mlrd so‘m bo‘lgan kompaniya “tijorat faoliyati va boshqaruv masalalari bo‘yicha maslahat berish” bilan shug‘ullanadi. Yagona ta’sischisi sifatida Mirzayev Payzullajon Rahmatullayevich, rahbari sifatida Fayzimatov Davron A’zamovich ko‘rsatilgan.

Payzullajon Mirzayev Orient Group Management’ning uchta ta’sischisidan biri bo‘lib, u 16,5% ulushga egalik qiladi.

chorsu, manar development, manar group, qurilish, toshkent shahri

Manar Development rahbariyati boshqa quruvchi — Golden House bilan bog‘liq. Misol uchun, bosh direktor Davron Fayzimatov 2013−2015 yillarda Orient Group kompaniyasida moliyaviy tahlilchi, 2020−2023 yillarda esa Golden House kompaniyasining rivojlanish bo‘yicha direktori bo‘lib ishlagan.

O‘z navbatida, ijrochi direktor Rustam To‘rayev 2023-yil sentabr oyidan buyon bosh direktor o‘rinbosari, Texnik buyurtmachi departamenti direktori, 2024-yil iyulidan esa qurilish va rivojlantirish bo‘yicha direktor lavozimida ishlab kelmoqda.

2020-yilda Chorsu mehmonxonasini BAAning Ittihad International Investment kompaniyasi 16,9 mlrd so‘mga sotib olgan. Biroq kompaniya loyihada ishtirok etmaslikka qaror qilgan. Konsorsium loyihada ishtirok etmaslikka qaror qilgan kompaniyadan obyektni sotib olish bo‘yicha bitimni yopadi. Uning qiymati va investorlar guruhi tarkibi kelishuvga erishilgandan so‘ng ma’lum qilinadi.

O‘tgan yilning noyabr oyida Chorsu maydoni rekonstruksiya qilinishi ma’lum bo‘ldi. Loyiha Germaniyaning Tchoban Voss Architekten kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. O‘shanda loyiha $170 mlnga baholangandi.

Avvalroq Qurilish vazirligi korrupsiya haqida gapirgan tadbirkor Usmonjon Abdusamatov ustidan IIVga shikoyat kiritgani haqida xabar berilgandi.