Toshkentdagi Chorsu mehmonxonasini buzish taxminan $3 mlnga tushdi. Bu haqda 23-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Manar Development bosh direktori Davron Fayzimatov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya buzish ishlari uchun alohida loyiha ishlab chiqqan. Demontaj jarayoni to‘liq quruvchi mablag‘lari hisobidan, davlatdan mablag‘ jalb qilmasdan amalga oshirilgan.
Spot sobiq Chorsu mehmonxonasi o‘rnida umumiy maydoni 100 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan ko‘p funksiyali majmua qurilishi haqida yozgandi. Hududning katta qismi uy-joy uchun ajratiladi — 38,3 ming kv.metr. Savdo zonalari va mehmonxona uchun har biriga 20 ming kv.metrdan ajratiladi. Yana 14 ming kv.metrda ofis maydonlari joylashtiriladi.
2020-yilda ushbu mehmonxonani BAAning Ittihad International Investment kompaniyasi 16,9 mlrd so‘mga sotib olgan. Biroq kompaniya loyihada ishtirok etmaslikka qaror qilgan. Konsorsium loyihada ishtirok etmaslikka qaror qilgan kompaniyadan obyektni sotib olish bo‘yicha bitimni yopadi. Uning qiymati va investorlar guruhi tarkibi kelishuvga erishilgandan so‘ng ma’lum qilinadi.
O‘tgan yilning noyabr oyida Chorsu maydoni rekonstruksiya qilinishi ma’lum bo‘ldi. Loyiha Germaniyaning Tchoban Voss Architekten kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. O‘shanda loyiha $170 mlnga baholangandi.
Yanvar oyida 2000-yillar boshida yopilgan Chorsu mehmonxonasini buzish ishlari boshlandi. Gazeta nashri voqea joyidan fotoreportaj e’lon qilgandi.
Avvalroq Toshkentda uy-joy uchun subsidiya summasini oshirish taklif etilgani haqida xabar berilgandi. Poytaxt hokimligi subsidiya miqdori aholi ehtiyojini to‘liq qoplamayotgani, shuning uchun shartlarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.