Transport vazirligiga Toshkentda tirbandliklarni kamaytirish bo‘yicha senator so‘rovi yuborildi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.
Senatning Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev tomonidan yuborilgan so‘rovda poytaxt yo‘llarida yuzaga kelayotgan tirbandliklar aholining kundalik hayotiga jiddiy taʼsir ko‘rsatayotgani qayd etilgan.
O‘quv yili boshlanishi bilan Toshkentda harakat keskin kuchayib, ayrim vaqtlarda tirbandlik darajasi 10 ballgacha bo‘layotgani taʼkidlandi. Bu esa ishga, o‘qishga hamda turli maqsadlarda poytaxtga kelayotgan minglab fuqarolarning vaqtini olmoqda.
Poytaxtga har kuni 1 mlnga yaqin kishi tashrif buyuradi, shundan 275 ming nafari Toshkent viloyatidan kelmoqda. Qo‘shimcha qilinishicha, viloyatning tutash hududlaridan minglab avtomobillarning ertalab poytaxtga kirib, kechqurun ortga qaytishi tirbandliklarni yanada kuchaytirmoqda.
Senator so‘rovida vazirlikdan Toshkentda tirbandliklarni kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan choralar, Intellektual transport tizimining amaldagi holati, jamoat transportini yagona aglomeratsiya tizimiga o‘tkazish jarayoni yuzasidan maʼlumot taqdim etish so‘ralgan.
Iyun oyida Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda aholi jamoat transporti sifati va tirbandliklardan mutlaqo norozi ekani, chorraha, chiziq va yo‘l belgilarini to‘g‘rilash, svetoforlarni “aqlli” boshqaruvga o‘tkazish ishlari sustligi tanqid qilingandi. Yo‘llardagi kameralar faqat qoidabuzarlikni qayd etib, jarima yozish uchun ishlayapti. Bu kameralar aslida transport oqimini boshqarish, tirbandlik va avariyani kamaytirishga xizmat qilishi kerakligi ta’kidlandi.
Prezident o‘zi ham rulda yurib, 15−20 daqiqa tirbandlikda turganini aytdi. Davlat rahbari yo‘llardagi tirbandliklarni tanqid qilib, bu odamlar kayfiyatiga ta’sir qilishini, ular uylariga kech kirib borishini ta’kidlagandi.
Iyul oyida 1-sentabrdan poytaxt va Toshkent viloyati jamoat transporti uchun yagona aglomeratsiya tizimi joriy etilishi ma’lum qilindi. Tizim poytaxt va Toshkent viloyatining tutash hududlarini qamrab oladi. Toshkent halqa yo‘ligacha kelayotgan 20 ta avtobus yo‘nalishi 15−20 kmga uzaytiriladi hamda yangi 6 ta marshrut qo‘shiladi. Prezident ushbu tizimni 2026-yildan yirik shaharlarda ham yo‘lga qo‘yishni topshirdi.
Toshkent shahar transport boshqarmasi tizimni yaratish uchun texnik va tashkiliy masalalar, harakat xavfsizligi hamda infratuzilmani ta’minlash ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
Avvalroq Toshkentning ayrim ko‘chalarida tezlikni 80 km/soatgacha oshirish taklif qilingani haqida xabar berilgandi.